YAPONLAR

YAPONLAR (o’zlarini nixondzin — quyoshli o’lka odamlari deb atashadi) — xalq, Yaponiyaning asosiy aholisi (123,6 million kishi). Umumiy soni 125,6 million kishi (1990-yillar o’rtalari). Yapon tilida so’zlashadi. Dindorlari — asosan, sintoistlar va buddaviylar; xristianlar va sinkretik dinlarga e’tiqod qiluvchilar ham bor. Antropologik jihatdan mongoloid irqiga mansub. Yaponlarning o’ziga xos etnik xususiyatlari ayrim mayda Orollarda va Ryukyu arxipelagida yashovchi aholida saqlanib qolgan. Yaponlar qabila sifatida miloddan avvalgi 1-ming yillik o’rtalarida Janubiy Koreya yarim orolidan Yapon orollariga eneolit davri madaniyati (Yayon madaniyati)ni tarqatuvchi katta guruhning ko’chib kelishi natijasida shakllangan. Bunga qadar bu yerda Ayn va qisman Malayyapolinez qabilalari yashagan. Ularning o’zaro aralashuvi natijasida kelgindi qabilalar tili ustuvor mavqeni egallagan. Qadimiy yapon qabilalarining elat bo’lib uyushuvi milodiy 4-asrda birinchi umumyapon davlati (Yamato podsholigi) ning tashkil topishi bilan tugagan. Yapon elati Osiyoning qadimiy tsivilizasiyalari (Xitoy, Koreya, Hindiston) ta’sirida rivojlangan. Qishloq aholisining asosiy mashg’uloti — sug’orma dehqonchilik (sholi), baliq ovlash, shahar aholisida esa hunarmandchilik hisoblangan. Yaponlar chinni, loklangan buyumlar ishlab chiqarish, to’qimachilik va badiiy hunarlar bilan shug’ullangan. Ko’pgina hunarlar saqlanib qolgan. Yaponlar qadimgi va eng yuqori darajada rivojlangan madaniyat va san’atga ega. Hozirda shaharlik Yaponlarning katta qismi yuksak taraqqiy etgan sanoatda band.