SAAM TILI

SAAM TILI — fin-ugor tillaridan biri, Boltiqbo’yi tillariga yaqin turadi. Norvegiya, Shvetsiya, Finlyandiya mamlakatlarining shimol qismida, Rossiya Federatsiyasining Kola yarim orolida tarqalgan. Saam tilida 50 mingdan ortiq kishi so’zlashadi. Saam tilining 2 lahjasi bor: g’arbiy (Norvegiya va Shvesiyada, Finlyandiyaning bir qismida) va Sharqiy (Finlyandiyaning bir qismida va Kola yarim orolida). Mazkur mamlakatlarning har birida Saam tilining o’ziga xos adabiy shakllari mavjud. Saam tilida unli va undoshlar bir necha darajadagi cho’ziqlikka ega, undosh fonemalar soni anchagina, urg’u so’zlarning birinchi bo’g’iniga tushadi. Ko’pchilik shevalarida ikkilik sonning bo’lishi Saam tilining o’ziga xos morfologik xususiyatidir. Otlar 8 kelishik bo’yicha turlanadi. Saam tili Norvegiya, Shvesiya va Finlyandiyada 17-asrdan beri lotin grafikasi asosidagi yozuvga ega, boshlangich maktablarda Saam tili o’qitiladi. Kola yarim oroli saamlari 1930-37 yillarda lotin grafikasi asosidagi yozuvdan foydalanganlar; o’tgan asrning 80-yillarida rus grafikasi asosidagi yozuv qayta tiklanib, maktablar uchun Alifbe va lug’atlar nashr etilgan.