YADRO PORTLASHI
YADRO PORTLASHI — zanjirli yadro reaktsiyasi yoki termoyadro reaktsiyalari natijasida juda katta energiyaning nihoyatda tez ajralib chiqishi tufayli sodir bo’ladigan portlash. Unga og’ir yadrolar (masalan, 23511 yoki 239Ri) ning bo’linish zanjir reaktsiyasi yoki yengil yadrolar (masalan, geliy yadrosi) ning sintez bo’linish termoyadro reaktsiyasi olib keladi. Uning shikastlantiruvchi va vayron qiluvchi ta’siri bir vaqtda zarb to’lqini, yorug’lik nurlanishi, singuvchi radiasiya, radioaktiv zaharlanish va elektromagnit impuls orqali sodir bo’ladi. Zarb to’lqini yo’lida uchragan barcha ob’yektlarga ta’sir qiladi. Yorug’lik nurlanishi turli moddalarni eritib, kuydirib, yondirib yuboradi. Singuvchi radiatsiya (gammanurlar va neytron oqimi) nurlanish kasalligini keltirib chiqaradi. Radioaktiv zaharlanish Yadro portlashida paydo bo’ladigan bulutdan radioaktiv moddalarning tushishi natijasida hosil bo’ladi va u ham nurlanish kasalligiga olib keladi. Elektromagnit impuls antennalar, simlar, kabel liniyalari, aloqa vositalariga ta’sir qilib, ularni ishdan chiqaradi. Yadro portlashi havoda, yer ustida, yer ostida, suv ustida va suv ostida amalga oshirilishi mumkin. Havoda Yadro portlashi yadro qurollarining quvvatiga qarab 100 metrdan bir necha kilometrgacha balandlikda bo’lib, zarb to’lqini, yorug’lik nurlanishi va singuvchi radiatsiya orqali shikast yetkazadi. Yer ustida Yadro portlashida shamol yo’nalishi bo’ylab tarqalgan radioaktiv bulutlar joylarni kuchli radioaktivzaharlaydi. Yer ostida Yadro portlashi davrida ko’p miqdordagi tuproq bir necha kilometr yuqoriga otiladi. Asosiy shikastlantiruvchi omil yerda tarqaladigan qisilgan to’lqindan iborat. Yerdagi Seysmik to’lqinlarning tarqalish tezligi tuproq tarkibiga qarab 5-10 kilometr/sekund bo’lishi mumkin. Suv yuzasida Yadro portlashining shikastlantiruvchi omillari: havodagi zarb to’lqin va suv yuzasida vujudga keladigan to’lqinlardan iborat. Suv ostida amalga oshirilgan Yadro portlashining shikastlovchi omili: suvda tarqalish tezligi o’rtacha 1500 metr/sekund bo’lgan zarb to’lqinidan iborat. Bu zarb to’lqinlari kemalarning suv osti qismlarini va turli gidrotexnika inshootlarini shikastlantiradi. Yadro portlashining shikastlantiruvchi omillari bir vaqtda ta’sir qilsada, portlash markaziga yaqin masofadagi kishilarda kontuziya, kuyish, singuvchi radiasiya va radioaktiv moddalardan shikastlanish og’irroq bo’ladi.