YANGIBOZOR

YANGIBOZOR — Xorazm viloyati Yangibozor tumanidagi shaharcha (1983 yildan), tuman markazi. Xorazm viloyatining shimoliy g’arbiy qismida joylashgan. Viloyat markazi (Urganch shahri) gacha 20 kilometr. Yaqin temir yo’l stantsiyasi — Urganch (20 kilometr). Aholisi 6,3 ming kishi (2005). Yangibozorda paxta tozalash, g’isht zavodlari, qurilish korxonalari, yirik, o’rta biznes, kichik korxonalar, mikrofirmalar, avtokorxona, MTP ishlab turibdi. Umumiy ta’lim, bolalar musiqa va sport maktablari, litsey, kasb-hunar kollejlari, tuman Markaziy kutubxonasi va uning tarmoqlari, madaniyat uyi, madaniyat va istirohat bog’i, amfiteatr, klub muassasalari, stadion, Xotira maydoni bor. Tuman Markaziy kasalxonasi, poliklinika, tug’ruqxona, dorixona va boshqalar tibbiy muassasalar aholiga xizmat ko’rsatadi. Yangibozordan Urganch shahri va Gurlan shaharchasiga avtobuslar va marshrutli taksilar qatnaydi.