YANGIQISHLOQ
YANGIQISHLOQ — Jizzax viloyati Forish tumanidagi shaharcha (1978 yildan), tuman markazi. Yaqin temir yo’l stantsiyasi — Jizzax (67 kilometr). Aholisi 8,4 ming kishi (2003). Shaharchada paxta tozalash zavodi, MTP, avtokorxona, tikuvchilik fabrikasi, qurilish tashkilotlari, kichik, o’rta biznes, yirik korxona va mikro- firmalar, savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari faoliyat ko’rsatadi. Umumiy ta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, madaniyat saroyi, madaniyat uylari, “chorvador” xalq dastasi, Markaziy va bolalar kutubxonalari aholiga xizmat ko’rsatadi. Stadion, sport zallari va maydonchalari va boshqalar sport inshootlari mavjud. Tuman Markaziy kasalxonasi, poliklinika, dorixonalar va boshqalar tibbiy muassasalar bor. Yangiqishloq — Jizzax, Yangiqishloq — Forish, Yangiqishloq — Chimqo’rg’on va boshqalar yo’nalishlarda avtobuslar qatnaydi.