Kimni dorilbaqoda rahnamo deb hisoblashgan?
Odamzot marhum ajdodlari va zulumot ilohlari yashaydigan tasavvuriy dunyoni o’ylab topganida uning xo’jasi — zulumot shohligi hukmdori timsolini ham yaratgan edi. Avvalboshda bu timsol marhumlarni o’z komiga tortib ketgan o’lim xususidagi tasavvurlar bilan bog’langandi. Ammo borgan sayin dorilbaqoning tuzilishi ko’proq kishilik dunyosini eslatadigan bo’lib bordi. Shuning uchun ham ko’p xalqlarda jahannam podshohining timsoli vujudga keladi. Zulmat, yorug’likdan farqli o’laroq, har doim nimasi bilandir insonga dushman hisoblangani sababli dorilbaho rang-barang yovuz ruhlar kun kechiruvchi makonga aylandi. Ulardan tashqari, ilohlar yashaydigan joy bo’lmish yorug’ dunyoga jo’natilmog’i munosib ko’rilmaganlarning hammasi shu makonga kelib tushar edi. Shu tarzda, bora-bora kishilar ongida ikki ko’rinmas: yorug ‘va qorong’u dunyolar mavjudligi to’grisida tasavvur vujudga keldi. Masalan, qadimgi yunonlar bu ikki dunyoni bir-biriga juda o’xshash deb hisoblashgan, shuning uchun ham ikki og’a-ini — Zevs va Aidni ularning podshohlari etib qo’yishgan. Bunday tasavvur marhum oldida u tirikligida qanday ishlar qilganligiga bog’liq holda ikki yo’lni ochib berar edi. Shu bois nasroniylar asotiriyasi bu ko’hna tasavvurdan istifoda etgan edi. Nasroniy ilohiyotshunoslari bu dunyoning tuzilishini ancha batafsil ishlab chiqishgan. Bag’oyat to’la-to’kis manzara ulug’ italyan shoiri Dantening “Ilohiy komediya” sida tasvirlab berilgan. Ilohiyotshunoslar Lyusiferni dorilbaho hukmdoriga aylantirdilar, chunki u, Injilda bayon etilishicha, Tangriga qarshi isyon ko’targan farishtalarning rahnamosi bo’lgan. Unga madad bergan farishtalar odamzotga dushman bo’lgan hamma narsa: kasalliklar, turli qusurlar (ochko’zlik, xasislik, kibr) ning timsoli bo’lmish iblislarga aylanadi. Kishilar boshiga kulfatlar yog’dirganlar ham shular. Iblislar o’zlari timsoli bo’lmish qusurlarning nomini oldi. Lyusiferning o’zi kuch-qudrat bobida Tangriga teng keladi. Biroq uni yenga olmaydi, chunki u o’zining qorong’u va noxush dunyosida abadiy qolib ketmog’i lozim. Shuning uchun u yovuzlikni kechalari qiladi, kunduzlari esa berkinishi shart.