YAPON TILI

YAPON TILI — yaponlar tili, Yaponiyaning rasmiy davlat tili. Yapon tilining genetik aloqalari, ya’ni uning u yoki bu til oilasiga mansubligi uzoq vaqt aniqlanmagan: u goh Oltoy tillariga, goh avstronez tillariga mansub deb kelingan. So’nggi o’n yilliklardagi tadqiqotlar ya.t.ning Oltoy tillari oilasiga mansubligini isbotlamoqda. Bu til, asosan, Yaponiyada, shuningdek, Osiyo, Amerika va Yevropaning bir qancha mamlakatlari (AQSh, Kanada, Braziliya va boshqalar)da, Avstraliyada tarqalgan. So’zlashuvchilarning umumiy soni 126 million (Yaponiyaning o’zida — 124 million) kishidan ortiqroq (2000). Yapon tilida, asosan, shimoliy Sharqiy, g’arbiy va Janubiy lahja guruhlari farqlanadi. Fonologik tizimi avstronez tillarinikiga yaqin bo’lib, adabiy tilda 35 fonema (jumladan, 5 ta unli) mavjud. Unlilar cho’ziqlik-qisqalik, undoshlar esa yakka va qo’shaloq kelish xususiyatlariga ega bo’lib, bu xususiyatlar ko’pincha ma’no farqlash uchun xizmat qiladi. Grammatik tizimi Oltoy, xususan, turkiy tillardagiga o’xshash: ot va fe’l turkumlaridagi ko’makchi, yuklama xarakteridagi so’zlar va qo’shimchalar, so’z tartibida aniqlovchining aniqlanmishdan oldin, kesimning hammavaqt gap oxirida kelishi. Leksikasida asl yapon so’zlaridan tashqari Xitoy tilidan o’zlashgan so’zlar (“kango”) ko’p bo’lib, ular Yapon tiliga Xitoy yozuvi bilan birga kirib kelgan. Zamonaviy o’zlashma so’zlar (“gayraygo”) asosan ingliz tilidan kirib kelmoqda. Har ikkala turdagi o’zlashma so’zlar o’zining fonologik, morfologik va Grammatik xususiyatlariga ega. Asl yaponcha so’zlar va grammatik ko’rsatkichlar yapon ezuvining xiragana shaklida, chet tillardan kirib kelgan so’zlar esa katakana shaklida yoziladi. Hozirgi Yapon tili uslubiy jihatdan ham rang-barangdir: kitobiy va og’zaki nutq aniq chegaralanib turadi, turli funktsional uslublar farqlanadi, nutqning odob-hurmat darajasiga qarab tabaqalanishi, erkaklar va ayollar nutqidagi farqlanishlar va boshqalar 9-10-asrlarda g’arbiy (Kioto) lahja asosida adabiy til (“bungo” — yozma til) shakllangan. 13-14-asrlarda bungo me’yorlari og’zaki nutqdan farqlana boshlagan. 1868 yil Meyji inqilobidan keyin Sharqiy (Tokio) lahjaga asoslangan adabiy til shakllangan. 20-asr o’rtalarigacha har ikkala adabiy tildan foydalanib kelingan. Shundan keyingi davrda to’liq shakllangan zamonaviy adabiy til, bungoning ba’zi elementlarini saqlab qolgan holda, uning o’zini iste’moddan siqib chiqargan. Hozirgi kunda adabiy Yapon tili ayrim o’ziga xos shevalarni (“Kansay” — markaziyg’arbiy, “Okinava” — Jan.) hisoblamaganda, qolgan barcha shevalarni ham iste’moldan chetlashtirmoqda. Mahalliy lahja va shevalardan oila doirasidagina foydalanilmoqda. Ismatulla Bekmurodov.