ABAK
ABAK, abaka (lotincha, abacus – taxta, hisob taxtasi) – 1) antik me’moriy orderlardagi kapitel (ustun qoshi)ning yuqori qismini tashkil etuvchi toshtaxta. U antablementik ko’tarib turadi. Abak odatda kvadrat shaklida, uning chekka qismlari to’g’ri yoki bir oz botiq holda uchraydi; 2) Yunonistonda, keyinchalik G’arbiy Yevropada 18-asrgacha arifmetik amallarni yechishda qo’llanilgan sanoq taxtachasi. Taxtacha tasmalariga terilgan munchoq, toshcha va hokazoni surib, amallar yechilar edi. Hozirga qadar ba’zi Sharq mamlakatlarida abakga o’xshash sanoq taxtachalari qo’llaniladi. Hisoblarda ishlatiladigan cho’t ham abak turidir; 3) nomografiyada abak sonli belgilari bo’lgan maxsus chizma, muhandislik hisoblari uchun ishlatiladi.