Amir Temurning Oltin O’rdaga zarbasi
Amir Temur davlatini kuchiga kuch qo’shilib jahon davrasidagi mavqeini oshishi Oltin O’rda manfaatlariga putur yetkazadigan bo’lib qoldi. Ayniqsa, uning tarkibidagi Shimoliy Xorazmning Amir Temur tomonidan bosib olinishi katta ziyon keltirdi. Bundan tashqari Amir Temurning o’zi Oltin O’rdani kelajakda siyosiy va iqtisodiy jihatdan xavfliligini yaxshi bilardi. U Oltin O’rdada o’z ta’sirini o’rnatish uchun u yerdan kechib kelgan taxt da’vogarlari To’xtamishni harbiy kuch bilan ta’minlab 1376 yilda ikki marotaba O’rdaga qo’shin jo’natdi. To’xtamish 1379 yildagina Temurni yordami bilan Oltin O’rdani bir qismi bo’lmish Oq O’rda taxtini egalladi. Shundan keyin u Oltin O’rda taxtini qo’lga kiritish uchun Mamayxonga qarshi yurish qilib mag’lubiyatga uchratdi. Shu ravishda To’xtamish butun Oltin O’rdani yakkahokimligiga erishdi. Shundan keyin u Amir Temurni barcha yaxshiliklari va yordamini nazar-pisand qilmay Turkistonni egallash harakatiga tushdi. U 1387-1388 yillarda Amir Temur Erondaligida Turkistonga hujum qildi. Bundan xabar topgan Amir Temur darhol vataniga qaytishga majbur bo’ldi. Ammo To’xtamish qo’rqib qochadi. Xorazm hukmdori Sulaymon Sufi To’xtamish bilan til biriktirib Amir Temurga qarshi bosh ko’targan edi. Shuning uchun Amir Temur 1386 yilda Xorazmga harbiy yurish qilib uni qayta bo’ysundirdi. To’xtamish esa Amir Temurga qarshi harakatni davom etdiradi. Shuning uchun Amir Temur Oltin O’rdaga 1389, 1391 va 1394-1395 yillarda katta harbiy yurish qilib Oltin O’rda tinkasini quritdi. Ayniqsa, 1391 yilda hozirgi Samara shahri va Chistopol oralig’ida joylashgan Qunduzcha degan joydagi urushda To’xtamish qo’shinlarini qattiq zarbaga uchrashi muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Keyingi 1395 yildagi Amir Temur va To’xtamish qo’shinlari o’rtasidagi jang shimoliy Kavkazdagi Teroq daryosini yoqasida sodir bo’ldi. Bu jangda To’xtamish kuchlari shu darajada qattiq zarbaga uchradiki, u shundan keyin o’zini o’nglay olmadi. Amir Temur bu g’alabadan so’ng Oltin O’rdani Saroy Berka, Astraxan, Qrim va Qora dengiz bo’ylaridagi shaharlarini, Azovni va shimoliy Kavkazni egallab qoldi. Shu ravishda Oltin O’rda Amir Temur davlatiga qo’shib olindi.
Yedigey, Temur Qutlug’ va boshqa Oltin O’rdaning amirlari Amir Temur huzuriga qochib kelib To’xtamishga qarshi urushlarda faol qatnashgan edilar. Amir Temur g’alabadan keyin Yeligey Chingizxon xonadonidan bo’lmaganligi uchun Oltin O’rda taxtiga Temur Qutlug’ni, so’ngra uning avlodlarini o’tkazdi. (1397-1419). Bu xon Oltin O’rdani qaddini bir muncha rostlashga erishdi. Ammo Amir Temur Oltin O’rda shaharlarini ostin-ustin qilib qo’shinlarini shu darajada majaqlab tashladiki, bamisoli beli bukchaytirilib qo’yildi. Bu holat Amir Temur davlatiga nisbatan kuchli raqobatni va xavfni bartaraf qilishi bilan bir qatorda rus knyazliklarini mustaqillikka erishishini ta’minlashda muhim omillardan hisoblanadi.
“1395 yilda, – deb yozgan edi A.Yakubovskiy, – Temurning To’xtamish ustidan qozongan g’alabasi, Astraxon va ayniqsa Oltin O’rda poytaxti Saroy Berkaning xarob qilinishi va yondirib yuborilishi faqat O’rta Osiyo va o’sha vaqtdagi janubiy-sharqiy Yevropa uchungina emas, balki rus uchun ham katta ahamiyatga ega bo’ldi… To’xtamishni yengish bilan rus yerlariga ob’yektiv suratda xizmat ko’rsatgan. Lekin shunday bo’lib chiqishini uni o’zi mutlaqo payqamagan”. Ikkinchi birr us tarixchisi Solovyev ham shunga o’xshash bahoni bergan: “Temur Oltin O’rdani tor-mor qilgandan keyin Moskva knyazi uchun u uzoq vaqtgacha xavf-xatarsiz bo’lib qoldi”. Darhaqiqat, Amir Temur rus knyazliklarini oldini to’sib turgan to’g’onni – Oltin O’rdaga qaqshatqich zarba berib, kelajakda qudratli rus davlatini yuzaga kelishiga mutlaqo o’zi o’ylamagan holda beqiyos katta sharoitni yaratdi. To’xtamishning mag’lubiyati Oltin O’rdani halokatga olib kelgan edi.
To’xtamishxonni Movarounnahrni egallash uchun uyushtirgan harbiy yurishining zaminida faqat iqtisodiy manfaat maqsad yotmagan edi. Zero, u hokimiyatni Amir Temurdan tortib olib, uning qo’li ostidagi mamlakatlarda mo’g’ullarning hukmronligini qayta tiklashni ko’zlagan edi. Buni yaxshi anglagan Sohibqiron mo’g’ullarning eng qudratli va xavfli tayanchi bo’lmish Oltin O’rdani tag-tomiri bilan qo’porib tashladi. Shunday qilinmaganda vaqti kelib mo’g’ullar o’zlarining sobiq hukmronligini tiklashi hech gap emas edi.
XV asrning birinchi yarmida Oltin O’rda xarobalarida Qrim va Qozon, keyinchalik Astraxon va Sibir xonliklari paydo bo’ldi. 1480 yilda esa rus knyazliklari ham Oltin O’rda qaramligidan qutildi. 1502 yilda Qrim xoni Oltin O’rdaning oxirgi hukmdorini tor-mor etib, uni tamomila tugatdi. O’sha vaqtlarda Oq O’rdaning hukmdori Shaybonixon Turkistonga bostirib kirib Temuriylar davlatini ag’darib, o’z hokimiyatini o’rnatdi. U bilan o’lkaga ko’chib kelgan qabilalar tili va dini bir mahalliy turkiy aholi bilan aralashib ketdi. Shuni eslatib o’tish lozimki, Amir Temur To’xtamishni tor-mor etib, taqdirini hal etgan bo’lsa vaqti kelib Oltin O’rda hukmdorlarining avlodlari, xususan Shaybonixon Temuriylar davlatini ag’darib, hisobni baborar qildilar. Shaybonilar va u bilan ko’chib kelgan qabilalar Turkistondagi tub aholi bilan aralashib ketdilar. Ularni hukmronlik vaqtida Temuriylar davrida ne mashaqqatlar va qurbonlar evaziga qo’lga kiritilgan markazlashgan davlat, taraqqiyot sovurildi. O’lka Buxoro, Xiva va Qo’qon xonliklaridan iborat uch qismga parchalandi.
XVI asrning o’rtalarida rus davlati Qozon (1552) va Astraxon (1556) xonliklarini bosib oldi. So’ngra Sibir xonligi ham urushib olindi. Shu ravishda Volga bo’ylarida, Uralda, Qora dengiz qirg’oqlarida va Sibirda ikki ming yildan ortiq davrda slavyanlarga, shu jumladan ruslarga to’siq bo’lib turgan turkiy davlatlar o’rnini rus davlati egallab, oltin, kumush, temir, ko’mir, o’rmonlar, unumli yerlar va boshqa tabiiy boyliklarni hamda olamshumul ahamiyatga molik karvon yo’llari singari bitmas-tuganmas xazinani qo’lga kiritdi. Bu bilan rus davlati “g’ijja moyga botdi” va tobora kuchayib barcha imkoniyatlarga ega bo’ldi.
Oltin O’rdani parchalanishi va qulashi u yerda ko’p asrlar mobaynida o’z mavqeini saqlab kelayotgan Turkiston o’lkasining manfaatlariga katta ziyon keltirdi. Chunki u joylar bilan siyosiy va iqtisodiy aloqalar Turkistonda, ayniqsa, Xorazm vohasida ishlab chiqarish kuchlarining o’sishida va taraqqiyotida muhim o’rinni egallagan edi.
XIV asrning oxirlari – XVI asrlar mobaynida rus knyazliklarni birlashtirilishi asosida markazlashgan Rus davlati tashkil topdi. Qanchalik vaqtlarning o’tishi bilan sobiq Oltin O’rda yerlarida rus shaharlarini, harbiy istehkomlarini, tog’ konlarini va zavodlarini soni shunchalik ko’payib bordi. Ko’rsatilgan joylarda rus davlati o’z mavqeini mustahkamlab olganidan keyin Turkistonni ham bo’ysundirish harakatiga tushdi.