FUQAROVIY DA’VO

FUQAROVIY DA’VO — o’zining buzilgan huquq yoki qonun bilan qo’riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudga murojaat qilishning prosessual vositasi. Ushbu turkumdagi da’volar fuqarolik, oila, mehnat, uyjoy va boshqa huquq sohalariga oid normalarning buzilishi oqibatida vujudga keladi. Shuningdek, shaxslarning jinoyat qilishi oqibatida fuqarolarga yetkazilgan zarar ham Fuqaroviy Da’vo tartibida qo’zg’atilib, undirib berishga yo’l qo’yiladi. Fuqaroviy Da’vo deganda, asosan, nizoli ish tushuniladi. Bunday ishlarda albatta nizolashuvchi sub’yektlar — da’vogar va javobgar qatnashadi. Ular o’rtasida da’vo talabining bo’lishi va uning sudga taalluqli ekanligi Fuqaroviy Da’voning zaruriy shartlaridan biri hisoblanadi. Har qanday Fuqaroviy Da’voning moddiy-huquqiy va prosessual-huquqiy tomoni bo’ladi. Da’voning moddiy-huquqiy tomoni deganda da’vogarning talabi, masalan, ashyoni topshirish, pul undirish, zararni qoplash va boshqalar tushuniladi. Da’voning prosessual-huquqiy tomoni esa nizoni sudga taalluqligi va sud tomonidan ko’rib hal qilinishini bildiradi. Fuqaroviy Da’voning berilishi sudda ish qo’zg’atish uchun asos bo’ladi. Shuningdek, qonunchilikda da’voli ishlardan tashqari nizosiz, da’vosiz ishlar ham sudda ko’rilishi belgilangan.