Kislorod nima?
Biz gohida “uningsiz insonning yashashi mumkin emas” deb, u yoki bu narsalar to’g’risida yozilganini o’qib qolamiz. Lekin inson chindan-da “uningsiz” yashay olmaydigan narsa — bu, kisloroddir. Inson kislorodsiz atigi bir necha minutga chiday oladi, xolos. Kislorod — cheksiz olamda keng tarqalgan kimyoviy elementdir. Yer qobig’ining deyarli yarmi kisloroddan iborat, havo hajmining esa beshdan bir qismini kislorod tashkil etadi. Kislorod o’pkaga kirib, qizil qon tanachalari orqali organizmning boshqa barcha to’qimalariga yetib boradi. Organizmda u ovqatni kuydiradi va inson faoliyati uchun zarur issiqlikni ishlab chiqaradi. Kislorod boshqa elementlar bilan yaxshi birikadi. Buningdek reaktsiya “oksidlanish” deb ataladi. Tez oksidlanish paytida yonish hodisasi yuz beradi. Deyarli har bir oksidlanish paytida issiqlik ajralib chiqadi. Yonish jarayonida issiqlik juda tez tug’iladi, harorat darajasi keskin ko’tariladi va alanga hosil bo’ladi. Shunday qilib, bir tomondan, biz yonish — tez oksidlanish, oqibat-natijada alanga tug’ilishiga duch kelamiz. Ikkinchi tomondan, organizmda ovqatni hazm qilib, insonning yashovchanligini ta’minlaydigan oksidlanish jarayoniga guvoh bo’lamiz. Biz asta-sekin oksidlanish hodisasini hamma yerda uchratamiz. Metall zanglaydi, bo’yoq quriydi, spirtli ichimlik sirkaga aylanadi — bularning barchasi oksidlanishdir. Biz nafas olayotgan havo — azot va kislorodning aralashmasidir. Shu sababli toza kislorodni havodan olish mumkin. Buning uchun havoni eng quyi darajaga qadar sovutiladi, bunda sovuq sharoitida havo suyuqlikka aylanadi. Bu daraja — manfiy 180 gradusdir. Suyuqlashgach havoning issiqlik darajasi biroz ko’tariladi, havo qaynay boshlaydi. Avval azot bug’lanadi, kislorod esa o’zligicha qoladi. O’pkasi zaiflashgan ko’pgina kishilar sof kislorod bilan nafas oldirilganda, ularning hayotini saqlab qolishga erishiladi.