ABBOSOV

ABBOSOV Mutallif (1924 – Namanan – 1982) – teatr rassomi, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1967). Toshkent badiiy o’quv ishlab chiqarish kombinatida tehsil ko’rgan (1939-41). 1941 yildan Namangan teatrida rassom, bosh rassom. Dastlab etnografik aniqlik yaratish yo’lidan borgan. Abbosov ijodida badiiy obrazlilik asosiy tamoyilga aylanadi, uning har bir spektakli o’ziga xos badiiy yechimi bilan ajralib turadi. “Nurxon”, “Otello” (1954), “Gang daryosining qizi” (1956), “Ravshan va Zulxumor”, “Qirol Lir” (1959) va boshqalar. 60-70-yillarda “Sarvqomat dilbarim”, “Guli siyoh”, “Navoiy Astrobodda”, “Layli va Majnun”, “Halima”, “Mashrab”, “Yusuf va Zulayho” kabi spektakllarga sahna bezaklari yaratdi. Abbosov rangtasvir, mahobatli haykaltaroshlik (“Motamsaro ona” haykali, Namanganda) sohalarida ham ijod qilgan.

ABBOSOV Shuhrat Solihovich (1931.16.1, Qo’qon) – o’zbek rejissyori. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1965). O’zbekiston xalq artisti (1974). Toshkent davlat san’at institutini tugatgan (1954), shu institutda professor (1983 yildan), kafedra mudiri (1991 yildan). M.Uyg’ur nomidagi viloyat musiqali drama teatrida (Yangiyo’l shahri) bosh rejissyor (1954-56). “Yurak sirlari” (B.Rahmonov), “Nurxon” (K.Yashin), “Og’riq tishlar” (A.Qahhor) kabi pyesalarni sahnalashtirgan. 1958-1991 yillar “O’zbekfilm”da rejissyor (1982-86 yillarda direktor). 1996 yildan O’zbekiston kino arboblari birlashmasining rais muovini. “Mahallada duv-duv gap” kinokomediyasi (1960) ilk yutug’i bo’ldi. 2-jahon urushi yillari ota-onasiz qolgan turli millatga mansub 14 bolani tarbiyalagan toshkentlik Shomahmudov oilasining jasorati haqidagi “Sen yetim emassan” (1963; Xalqaro kinofestival mukofoti, Frankfurt-Mayn, 1963), odob-axloq haqidagi “Qalbingda quyosh” (1965) filmlari rejissyor ijodida alohida o’rin tutadi. “Toshkent-non shahri” (1967; kinofestifal sovrindori, Olmaota, 1973), “Sevgi mojarosi” (1971; 5-kinofestival sovrindori, Tbilisi, 1972) filmlari bilan eng yaxshi kinorejissyor sifatida tanildi. Tarixiy-biografik mavzuda “Abu Rayhon Beruniy” (2 qismli, 1974, 8-kinofestivalning bosh mukofoti, Kishinyov, 1975, Xalqaro kinofestivalning “Oltin Delfin” sovrindori, Tehron, 1977), “Olovli yo’llar” (Hamza hayotiga bag’ishlangan 17 qismli telefilm, 1975-84), urush yillari front ortidagi qiyinchiliklar haqida hikoya qiluvchi “Katta urushdagi kichik odam” (1989) filmlari ham mashhur. Mustaqillik Abbosov ijodida burilish yasadi. 14 qismli “Kamolot cho’qqisi sari” hujjatli (1995) va 2 qismli “Otamdan qolgan dalalar” badiiy (ssenariysini M.To’ychiyev bilan hamkorlikda yozgan, 1998) filmlarni yaratdi. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1974). “El-yurt hurmati” ordeni (1998) va “Shuhrat” medali (1994) bilan taqdirlangan.