FUZARIOTOKSIKOZ

FUZARIOTOKSIKOZ (Fusariotoxicosis) — chorva mollarining Fusarium turkumiga mansub zamburug’lar bilan zararlangan ozuqalarni yeyishdan zaharlanishi. Fuzariotoksikoz ko’proq otlar, cho’chqalar va parrandalarda uchraydi (zaharlanish oqibatida o’lim 3% dan 100%gacha bo’lishi mumkin). Yashirin davri bir necha soatdan 5-6 kungacha, o’tkir, yarim o’tkir va surunkali kechadi. O’tkir kechganda hayvonlarning umumiy holati yomonlashadi, harakatsizlik kuzatiladi, ich ketadi va burun bo’shlig’idan shilliq suyuqlik oqadi, lablarida va og’iz shilliq qavatida yorilish va yaralar kuzatiladi, tezagidan o’tkir qo’lansa hid keladi. Tovuqlarda patlar hurpaygan, toj va sirg’alar ko’karadi. Kasallik 1-4 kun davom etadi. Qon tarkibida eritrositlar va leykositlar miqdori oshadi. Davolash: kasallik o’tkir kechganda tarkibida kaltsiy xlorid, glyukoza va askorbin kislota bo’lgan eritma hayvon sog’aygunga qadar bir kunda bir mahal venaga yuboriladi. Engil hazm bo’luvchi va vitaminlarga boy ozuqalar beriladi. Oldini olish: mollarga berilayotgan emxashak toksikologik tekshiruvdan o’tkaziladi.