FOTOAPPARAT

FOTOAPPARAT, fotokamera, suratga olish apparati — suratga olinadigan ob’yektlar optik tasvirini fotomateriallarning yoruglik sezgir qatlamiga tushiruvchi optikmexanik qurilma. Fotosuratga olishda ob’ektning optic tasviri optik tizimlar yordamida fotomaterialning yorug’lik sezgir qatlamiga ma’lum vaqt oralig’ida proektsiyalanadi. Natijada yoruglik sezgir qatlamda suratga olingan ob’ektning yashirin tasviri hosil bo’ladi; fotomaterialga kimyoviyfotografik ishlov berilgandan so’ng suratga olingan ob’yektning ko’rinadigan negativ yoki pozitiv tasviriga aylanadi. Fotoapparatning havaskorlik, professional va maxsus xillari bor. Havaskorlik va professional Fotoapparatlardan kishilarni, peyzaj, sport musobaqalarini suratga olishda, portretlar yasash va boshqalarda foydalaniladi. Maxsus Fotoapparatlarda fototexnika ishlari, aerofotos’yomka, mikros’yomka va boshqalar bajariladi. Fotoapparat fotomaterialda hosil bo’ladigan tasvirlar o’lchami (kadrlar formati)ga qarab mitti (13×17 millimetr), yarim formatli (18×24 millimetr), kichik formatli (28×28 va 24×36 millimetr), o’rtacha formatli (45×60 dan 60×90 millimetrgacha) va yirik formatli (90×120 millimetr va undan katta) xillarga bo’linadi. Zamonaviy Fotoapparatlarning asosiy uzellari: yoruglik o’tkazmaydigan kamera (uning korpusi bikr, ikki tomonlama ochiladigan, teleskopik yoki buklama ko’rinishda bo’ladi), ob’yekt tasvirini fotomaterial (fotoplyonka yoki fotoplastinka)ga tushirib beradigan ob’yektiv, fotoplyonka yoki fotoplastinkaning yorug’lik sezgir qatlamiga yorug’lik nurini o’tkazishni ta’minlaydigan zatvor, ravshanlikka to’g’rilash mexanizmi, vidoiskatel (ko’rinish qidirgich), fotoplyonkani qayta o’rash mexanizmi, fotoplyonka kassetasi, zatvor va chaqmoqlampa ishini sinxronlovchi sinxrokontakt, ekspozitsiya vaqtini yarim avtomatik aniklaydigan fotoeksponometr, zatvorni ishga tushiradigan avtomatik tepki. Miloddan avvalgi 350 yilda yunon olimi Aristotel kichik teshik (masalan, darcha) dan qorong’i xonaga tushayotgan yorug’lik nurlaridan xonaning qaramaqarshi devorida tashqaridagi, darcha oldidagi narsalarning yorug’lik tasviri hosil bo’lishi mumkin, degan edi. 18 asr o’tgandan keyin Leonardo da Vinchi bu hodisadan turli narsalarning tasvirini qog’ozga chizishda foydalangan. 1611 yilda nemis astronomi I. Kepler ikki linzadan iborat teleskopik tizimni yasadi. 1840 yilda avstriyalik olim I.Pesval bir necha linzadan iborat optik tizimni (ob’yektivni) hisoblab chiqdi va uni nemis optigi P.F. Foixtlender yasadi. 19-asr 30-yillarida frantsiyalik Jiro kassetasi katta bo’lgan yog’och fotokamerani ko’plab ishlab chiqardi. 1842 yilda Germaniyada metal korpusli Fotoapparat ishlab chikarila boshlandi. 1888 yilda amerikalik ixtirochi J. Istmen dunyoda birinchi marta rolikka o’ralgan fotoplyonka o’rnatilgan Fotoapparat yaratdi. 1924 yilda “Leys” firmasi kichik formatli “Leyka” Fotoapparatni, 1970-yillarda ekspozitsion parametrlari yarim avtomatik va avtomatik o’rnatiladigan, ob’yektivi avtomatik fokuslanadigan, fotozatvori elektron boshqariladigan, plyonkani tortish mexanizmi elektr yuritmali Fotoapparatlar yaratildi. Hozir fototasvirlarni bir zumda chiqarib beradigan, uyali telefon apparatiga “singdirilgan” Fotoapparatlar mavjud. Chet elda Fotoapparat ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 50 dan ortiq kontsern, firma va zavodlar mavjud, jumladan: “Istmen Kodak”, “Polyaroid” (AQSh), “Alfagevert” (Germaniyabelgiya), “Nippon Kogaku”, “Kenon”, “Minolta kamera”, “Asaxi optikl”, “Konisirovku foto” (Yaponiya), “Leys”, “Rolley”, “Karl Braun”, “Minoks”, “Pentakon” (Germaniya), “Xassel blad” (Shvesiya), “Krasnogorsk z-Di”, “Lomo” birlashmasi (Rossiya), “Arsenal zavodi” (Ukraina) va boshqalar. Havaskorlik Fotoapparatdan “Kenon”, “Nikon” (Yaponiya), “Pentakon” (Germaniya), “Kodak” (AQSh), “Zenit”, “Fed”, “Zorkiy” (Rossiya), “Kiev” (Ukraina), “Xasselblad” (Shvesiya) ko’plab ishlatiladi. Qo’llaniladigan fotomaterialga qarab, Fotoapparatlar plyonkali va plastinkali bo’ladi. Ba’zida Fotoapparatdan ko’z ilg’amas (fotoqatlamda qayd qilinadigan) ultrabinafsha yoki infraqizil nurlarni suratga tushirishda foydalaniladi. Bunday hollarda ko’zguli ob’yektiv yoki nurlarga mos keluvchi linza komponentlari, shaffof materiallar: kvars, flyuorit, litiy ftoridli (ultrabinafsha nurlar uchun); natriy xlorid, kremniy, germaniyli (infraqizil nurlar uchun) ob’ektiv ishlatiladi. Ob’ekt tasvirini biror tor spektral intervalda olish yoki fotos’yomkada surat badiiy yaqqol chiqishi uchun ob’ektivda olib qo’yiladigan turli yoruglik filtrlari qo’llaniladi. 20-asr oxiri va 21-asr boshlaridan raqamli Fotoapparat qo’llanila boshlandi.