Chang qayerdan paydo bo’ladi?
Chang — jumboqli narsa. Uni qancha artavermang, u baribir yig’ilaveradi. Xo’sh, qayerdan? Deylik, siz ta’tilga ketishdan oldin uyning hamma joyini oynadek yarqiratib tozalaysiz, eshiklari va derazalarini astoydil zich berkitasiz va …dam olishdan qaytgandan keyin polda xonaki changning barmog’ingiz botadigan yotqizig’iga duch kelasiz! Qo’llarni yoqani tutishga undaydigan mo’jizadan boshqa narsa emas! Chindan-da, uning nima ekanligini bilib olsangiz, mo’jiza ekanligiga imon keltirasiz. Aytgancha, uyingizdagi changdan … Sahroi Kabir qumlarini, Yaponiyadagi Sakuradzima vulqonining kullarini, tinch ummondan uchib kelgan tuzlarni, Voronej yaqinidagi tuproq mikrozarrachalarini va boshqa bir talay narsalarni topish mumkin. Biroq — bunisi hali holva. Basharti, har yili Rossiyaga bir necha o’n million tonna chang cho’kadi. Uning yetmish foizi tabiat tomonidan, qolgan o’ttiz foizi inson faoliyatidan hosil qilingan. Bular asosan mineral yoqilg’ilar — neft, gaz, ko’mir, yog’och yoqilishidan hosil bo’lgan chiqitlar. Ular haqida so’z yuritish mavridi emas, chunki ularga bog’liq narsalar ozroq yo ko’proq darajada oydinlashgandir. Shunday qilib, tuproq tabiiy changning eng katta manbasi hisoblanadi. Shamol tomonidan ko’chirilgan tuproq zarrachalari osmonga baland ko’tariladi va bir necha kilometr yiroqlarga uchib boradi. Ummon changi — dengizdan havoga ko’tariladigan tuz zarrachalari ikkinchi o’rinni egallaydi. Albatta, kristallarning o’zi emas, balki suvning to’lqinlar va suv havzalari tubida havo pufakchalari yorilgan paytda hosil bo’ladigan uchhunsimon zarralari havoga ko’tariladi. (Darvoqe, aynan shuning uchun dengizlar yaqinida havo sho’rdek tuyuladi va undan suv o’tlarining hidi anqiydi). Tomchilar zum o’tmay qurib qoladi va havo tuzlarga to’yinadi. Xuddi tuproq zarralari singari bu kristalchalar ham yerdan baland ko’tariladi-da suv bug’lari bilan birikkan holda bulutlar ko’rinishyda suzib yuradi. Vulqonlar va o’rmonlardagi katta yong’inlar — tag’in bir salmoqli chang manbai. Binobarin siz yaxshi bilganingizdek, nafaqat otilayotgan uyg’oq vulqonlar, qolaversa mavjudligining sust davrida burqsib turganlari ham. Buningdek “kashanda mo’rilar” butun sayyoramizda yuzlab topiladi. Sakuradzima vulqoni (Yaponiya, Kyusyu oroli) har yili bashariyatni 14 million tonna chang bilan “taqdirlaydi”. Unga yaqin joylashgan Kagosima dunyodagi eng serchang shahar hisoblanadi: uning ko’chalariga, mehnatsevar yapon farroshlari nechog’li quyib-pishmasinlar, baribir har doim chang va kul qatlami to’shalgan bo’ladi. Va nihoyat, sahrolar ham bizni e’tiborlaridan darig tutmaydilar. Masalan, 60 dan to 200 million tonnaga qadar changi Markaziy Amerika tog’lariga qo’nadigan, Rossiya, Angliya, hattoki olis Avstraliya shaharlarini chang qamal qiladigan bepoyon Sahroi Kabir. Taajjublanmang, uyingizdagi changning tarkibida sanab o’tilmish namunalardan istalgani turganligi aniq gap! Va shuningdek … sayyoramizga meteorit yomg’iri bilan birga tushadigan fazoviy changlar, gulg’uncha changlari, zamburug’chalar, sporalar, hayvonlarning yunglari va odamlarning tuklari, mashinalar ishqalanishidan chiqqan rezinaviy changlar, tabiiy va sun’iy matolarining tolalari… Bularning barchasi havoda aylanib yuradi va bizning uylarimizga bostirib kiradi. Aytgandek, chang tarkibida tagin katta miqdorda kun kechiruvchi bir maxluqot bor. Ular… jo’laklar — uy changida kun kechiradigan zarramiqdor mavjudot. Ularning ellikka yaqin turlari mavjud va jo’laklar odamzot terisining o’lik tangachalarini yeb kun kechiradi. Ular yostiqlarda, to’shak choyshablarida, yumshoq mebelda, poldagi chang uyumlarida, supurgi tili va elvizak tegmaydigan alohida pana joylarda yashaydi. Uyga ular o’zlari yoqtirmaydigan elvizaklar bilan birga keladi, ko’pincha o’zimiz ham kiyimlarimizda ko’tarib kiramiz. Jo’laklar deyarli bezarar, ammo ayrim odamlarda ularning o’zi va chiqindilar allergiya qo’zgashi mumkin. Xo’sh, nima uchun biror kishi yashamagan uyda chang to’planadi? Bu narsa juda oddiy. Birinchidan, har qanday astoydil yig’ishtirish ham xonadagi havo tarkibini o’zgartira olmaydi. Biz jo’nab ketgandan keyin ham uzoq vaqt chang cho’kadi. Aynan biz qaytib kelganimizda havo chang cho’kkanligi tufayli ko’proq yoki kamroq darajada tozargan, ammo mebel, pollar — ming-minglab zarrachalar bilan qoplangan bo’ladi. Ikkinchidan, hatto derazalar va eshiklarning zich yopilishi ham chang yo’lida jiddiy to’siq bo’la olmaydi. Ignaning ko’zidekkina tirqishcha bo’lsa, bas, imoningiz komil bo’lsin, changning o’zginasi uni muqarrar topib oladi!