ABDULLAXON II

ABDULLAXON II (to’liq ismi: Abdulla ibn Iskandarxon ibn Jonibek Sulton ibn Xoja Muhammad ibn Abulxayrxon) (1534; Miyonkol, Ofarinkent qishlog’i — 1598.8.2, Samarqand, Buxoro yaqinidagi Bahouddin majmuasiga dafn etilgan) — o’zbek davlatchiligi tizimidagi Buxoro xonligining Shayboniylar sulolasidan chiqqan eng yirik hukmdori (1583-98), davlat arbobi, sarkarda, ilm-fan, ma’rifat, madaniyat homiysi. Bobosi Jonibek Sulton (vafoti 1528-29) Karmana va Miyonkol hokimi (1512-13 yildan) bo’lgan. Otasi Iskandar Sulton o’g’li tug’ilgan paytda Ofarinkentni, keyinchalik, aftidan aka-ukalaridan biri vafot etgach, Karmanani boshqargan. Abdullaxon II Shayboniyxon vafotidan keyin parchalanib ketgan mamlakat hududini Kanta birlashtirish, Markaziy davlat hokimiyatini mustahkamlash uchun yoshlik chog’idan qattiq kurash olib borgan. Toshkent hokimi Navro’z Ahmadxon (Baroqxon) bilan Koson yonida (1548). Mo’g’uliston xoni Abdurrashidxon va shayboniylardan Do’stum sultonlar qo’shiniga qarshi Forob yonida (1554) jang qilgan. Yosh Abdulla Sulton o’zining hukmdor sifatidagi butun g’ayrat-shijoatini 1551 yil Karmanada namoyish etgan; viloyatga Toshkentdan Navro’z Ahmadxon va Samarqanddan Abdullatifxon hujum qilganlar, Iskandar Sulton Amudaryo ortiga ko’chgan. Abdulla Sulton otasi vazifasini o’z zimmasiga olib bu hujumni muvaffaqiyatli qaytargan. Keyingi yillarda (1552-56) o’z mulkini g’arbga — Buxoro tomonga va Janubiy-Sharq — qarshi va Shahrisabz tomonga kengaytirishga intilgan. Bu sa’y-harakat dastlab muvaffaqiyatsiz chiqqan, hatto 1556 yili ota meros mulkini tashlab maymanaga qochishga majbur bo’lgan. U amakisi, Balx hokimi Pirmuhammaddan harbiy yordam olib va piri Jo’ybor xojalaridan Xoja Muhammad Islom ko’magida Navro’z Ahmadxon, keyinchalik uniig o’g’illari Darveshxon va bobo sultonlarga qarshi uzoq muddat kurash olib borgan. Navro’z Ahmadxon vafot etgach (1556), darhol Karmana va Shahrisabzda o’z hukmronligini tiklaydi, 1557 yil mayda Buxoroni qo’lga kiritadi va uni o’z poytaxtiga aylantiradi. 1561 yil otasini davlat boshlig’i—xon deb e’lon qilib, uning nomidan mamlakatni o’zi boshqara boshlaydi. Markaziy xokimiyatga bo’ysunishdan bosh tortgan Shayboniy sultonlar bilan kurashib Balx (1574), Samarqand (1578), Toshkent, Sayram, Turkiston (1583) va Farg’ona (1583) ni egallaydi. 1582 yil Dashtga yurish qilib Ulug’topga qadar borgan. 1583 yil otasi Iskandarxon vafot etgach, mamlakatni o’z nomidan boshqara boshlaydi. Markaziy hokimiyatga qarshi ko’tarilgan Maymana va Garchiston (1583), shuningdek Badaxshon (1585) dagi g’alayon, tartibsizliklarni bostirgan. Xorazmga ikki marta yurish (1594 va 1596) qilib, u yerda Markaziy hokimiyat hukmronligi qayta tiklagan. Abdullaxon II mamlakat hududi yaxlitligini tiklash yo’lida qo’shni xorijiy davlatlar bilan ham kurash olib borgan. Masalan, Turkiya Movarounnahrda o’z ta’sirini kuchaytirish niyatida Abdullaxon II ga qarshi kurashda bobo sultonga yordam bergan. Bobo Sulton turk askarlari yordamida Nasaf yonida Abdullaxon II ga qarshi jang qilgan. Abdullaxon II Safaviylar bilan Xuroson, Gilon uchun kurashib ularni o’z tasarrufiga kiritgan. Sharqiy Turkistonga qilingan yurishda Qashqar va Yorkend viloyatlarini olgan. Boburiylar ham Badaxshon, shimol Afg’oniston va Xuroson uchun Abdullaxon II ga qarshi kurashganlar. Abdullaxon II bunga qarshi Sind (1583), Kashmir (1586)ni egallab, davlatning Janubiy chegaralarini mustahkamlagan. Abdullaxon II davrida mamlakat hududi Qashqardan Orol va Kaspiy dengizlari sohillarigacha, Turkiston va Sayramdan Xurosonning Sharqiy qismigacha bo’lgan erlardan iborat edi. Abdullaxon II hayotining so’nggi yillarida o’g’li Abdulmo’min bilan chiqishmay qolgan. Abdulmo’min 1582 yil kuzidan Balxni otasi nomidan boshqarayotgan edi. Iskandarxon davrida Abdullaxon II haqiqiy, amaldagi hukmdor bo’lgani kabi, Abdulmo’min ham keksaygan otasiga nisbatan shunday mavqeni egallamoqchi bo’lgan. Faqat ulamolarning aralashuvi tufayligina otabola o’rtasida ochiq urush harakatlari boshlanmagan va Abdulmo’min otasiga bo’yin egishga majbur bo’lgan. Ular o’rtasidagi munosabatlar keskinlashganidan xabar topgan qozoq xonlaridan Tavakkalxon Toshkent viloyati va Toshkent—Samarqand oralig’idagi yerlarga bostirib kirib, unga qarshi yuborilgan qo’shinni enggan. Unga qarshi safarga otlangan Abdullaxon II Samarqandga yetganda vafot etgan. Abdullaxon II faol tashki siyosat olib borgan. Bu davrda Shayboniylar Eron, Hindiston, Turkiya, Xitoy, Rossiya va boshqa mamlakatlar bilan keng diplomatik, iqtisodiy, savdo aloqalari olib borganlar. Masalan, Abdullaxon II elchilari 1583 yil Moskvadan o’q dori, ov qushlari, mato olib kelganlar. Bunday elchilik 1589, 1595 yillarda ham qaytarilgan. Abdullaxon II ning mamlakat ichki siyosatidagi, davlat boshqaruv tizimini mustahkamlash, ayniqsa pul islohoti o’tkazish yo’lidagi faoliyati natijalari keyingi davrlarda ham saqlanib qolgan. U ko’plab turli inshootlar qurdirgan. Hozirgacha xalq orasida u yoki bu inshoot qurilishi Amir Temur yoki Abdullaxon II ga nisbat beriladi. Abdullaxon II davrida Buxoro yaqinidagi Sumiton (Jo’ybor) mavzesida Jo’ybor xojalaridan Abu Bakr Sa’d (970/971 yil vafot etgan) mozori atrofiga madrasa, masjid, xonaqoh va chorbog’ (1558-66), Buxoroda madrasa, hammom, Govkashon, Fatxulla qushbegi, Mirakan, Xoja Muhammad Porso, yangi Chorsu (1569-70), Tim, Karmana yaqinida Zarafshon daryosi ustiga ko’prik (1582) va boshqalar qurildi. Bunday inshootlar va karvonsaroylar Samarqand, Toshkent, Balx va boshqa shaharlarda ham qurilgan (masalan, Abdullaxon II ning nufuzli amiri Qulbobo Ko’kaldosh sharafiga Toshkentda qurilgan Ko’kaldosh madrasasi va boshqalar). Karvon yo’llarida sardobalar, rabotlar, kanallar, suv omborlari, ko’priklar (masalan, Surxondaryoda xalq orasida Iskandar ko’prigi nomi bilan mashhur bo’lgan G’ishtko’prik va boshqalar), chorbog’lar bunyod etilgan. Abdullaxon II davrida mamlakatda shaharsozlik, adabiyot, ilm-fan taraqqiy etgan. Buxoro madaniyat, ilm-fan markaziga aylangan Hofiz tanish Buxoripning Abdullanoma (“Sharafnomayi shohiy”) (1584-89), Amin Ahmad Roziyning “Haft iqlim” (1583), Mutribiyning dunyo xaritasi ilova qilingan “Tazkiroti shuaro” (taxminan, 1593-95) va boshqa ilmiy asarlar yaratildi. Buxoroda mashhur Abdullaxon kutubxonasi tashkil qilingan. Unda mashhur xattotlar Mir Ali Hiraviy, Ahmad Husayniylar va boshqa kitob ko’chirish bilan mashg’ul bo’lishgan. Hasanxoja Nisoriynit “Muzakkiri ahbob” asari A.II ga bag’ishlangan. Bu davrda shoir, adib va ilohiyotchi olimlardan Mushfiqiy, Nizom Muammoiy, Muhammad Darvish Oxund, qozi Poyonda Zominiy, mulla Amir, Muhammad Alti Zohid, tabiblardan Mavlono Abdulhakim va boshqalar yashab ijod etgan. Abdullaxon II ning o’zi ham iste’dodli shoir bo’lib, “Xon” taxallusi bilan o’zbek va fors tillarida she’rlar yozgan. Mamlakatda (Buxoro, Samarqand, Toshkent, Balx va boshqalarda) hunarmandchilik, savdo-sotiq rivojlangan. Hunarmandlar turli ipak matolar, uy-ro’zg’or, zargarlik buyumlari, qurol-yarog’lar va boshqalar tayyorlardilar. Movarounnahr ustalari tayyorlagan buyumlar ichki va tashqi bozorda juda xaridorgir bo’lgan. Harbiy san’at taraqkiy etgan. Qo’shin tarkibini nayza, qilich, manjaniq, naftandoz va shotular bilan qurollangan otliq va piyoda qismlar tashkil qilgan. 16-asr ikkinchi yarmidan qo’shin Turkiya va Rossiyadan keltirilgan pilta miltiq va zambaraklar bilan qurollana boshlagan. Manbalar: Hofiz Tanish Buxoriy, Abdullanoma, 1-j., T., 1999; Hasanxoja Nisoriy, Muzakkiri ahbob, T., 1993; Ad. Ahmedov B. A., Istoriko-geograficheskaya literatura Sredney Azii XVI—XVIII vv. Pismennie pamyatniki, T., 1985; Bartold V. V., Sochineniya, 11(2) t., M., 1964. Faxriddin Hasanov.