AVANGARDIZM
AVANGARDIZM (Fransuzcha avantgardiste) — 1) 20-asr adabiyot va san’atida qator zamonaviy oqimlarning umumiy shartli nomi. Avangardizm tarafdorlari adabiyotni va san’atni tubdan yangilashni, uning shakli va ifodaviy imkoniyatlarini kengaytirishni o’z oldilariga maqsad qilib qo’ygan, avvalgi qaror topgan yunalishlar (shu jumladan, romantizm, realizm, impressionizm, neoklassisizm va boshqalar) ga tanqidiy yondashgan. Avangardizm namoyandalari san’atning predmetini ham, uslubini ham, shakl va mazmunni ham yangilashni o’zida ifoda etgan umumiy istak ostida birlashganlar. Bu yo’nalish taraqqiy etgan 1905-30 yillarda uning tamoyillari ekspressionizm, fovizm, kubizm, dadaizm, syurrealizm; adabiyotda — “ong oqimi”, futurizm, musiqada — dodekafoniya, atonallik va boshqalar kabi modernistik oqim va maktablarda, shuningdek ba’zi yirik so’z ustalarining ma’lum davrdagi ijodiy faoliyatida namoyon bo’ldi. Bir-biriga zid mayllar, turli ijtimoiy, g’oyaviy-estetik nuqtai nazarda turgan, ijodiy taqdiri bir-biriga o’xshamagan san’atkorlar Avangardizm (modernizm) ning umumiy oqimida to’qnashdi. Davrning eng o’tkir ijtimoiy qarama-qarshiliklari Avangardizm ziddiyatlarida o’z aksini topdi. Ba’zi yirik san’atkorlar ijodlarining dastlabki davrida Avangardizmga moyil bo’lganlar (masalan, P. Elyuar — Frantsiya; V. Nezval — Chexoslovakiya; V. Brext, I. Bexer, X. Eysler — Germaniya; D. Rivera — Meksika; V. Mayakovskiy, D. Shostakovich — Rossiya). Jahon adabiyoti va san’atining ko’pgina zabardast vakillari Avangardizm tajribalariga asoslanib, zamonaviy san’atning yetakchilariga aylandilar (masalan, J. Joys — Irlandiya; M. Prust — Frantsiya; P. Mondrian —Niderlan-diya; S. Dali va P. Pikasso — Ispaniya; P. Klee — Shveytsariya; V. Kandinskiy, M. Malevich, S. Prokofev — Rossiya va boshqalar). 2-jahon urushidan keyin g’arbda Avangardizm oqimi jonlanib, “absurd drama”, “yangi roman”, “konkret poeziya”, tasviriy san’atda — pop-Art, minimalizm, abstraktsionizm, musiqada — aleatorika, sonoristika, elektron musiqa va boshqa ko’rinishlarida namoyon bo’ldi. Avangardizm tamoyillari O’zbekiston tasviriy san’atida 20-yillarda ham kuzatiladi (A.Volkov, A.Nikolayev, O’.Tansiqboev, M.Kurzin, O.Tatevosyan). 1970-yillardan boshlab musiqada — kompozitorlar R. Vildanov, N.Zokirov, A.Malaxov, M. Tojiev, T.Qurbonov, F. va D.Yanov— Yanovskiylar, N.G’iyosov va boshqalar, teatrda — rejissyorlar N. Abdurahmonov, M.Vayl, tasviriy san’atda — rassomlar J. Umarbekov, Jalolov, M.To’xtaev va boshqalar. Avangardizm ifodaviy imkoniyatlaridan ijodiy foydalanmoqda. 2) Falsafadagi Avangardizm — zarur taraqqiyot bosqichlari va real shart-sharoitlarni nazarga olmay sakrash yo’li bilan jamiyatdagi qarama-qarshiliklarni bartaraf etishga intilish.