AGROIQLIMIY RAYONLASHTIRISH

AGROIQLIMIY RAYONLASHTIRISH — hududni agroiqlimiy sharoitlarning o’xshashligi va tafovutiga hamda qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishi xususiyatlariga qarab izchil raryonlarga bo’lish. Agroiqlimiy rayonlashtirish ekinlarni joylashtirish hamda ularni turli iqpimiy rayonlarda yetishtirishning o’ziga xos xususiyatlarini o’simliklarning o’sishi, rivojlanishi va mahsuldorligini ta’minlaydigan iqlim resurslarini differentsial baholash orqali ilmiy asoslab beradi. Agroiqlimiy rayonlashtirish aniq iqlimiy rayonlashtirish asosida o’tkaziladi va ayni paytda umumiy tabiiy-geografik rayonlashtirishning qishloq xo’jaligiga oid qismi hisoblanadi. Agroiqlimiy rayonlashtirishning umumiy va xususiy turlari bor. Umumiy rayonlashtirish hududni iqlimning qishloq xo’jaligi uchun muhim bo’lgan asosiy xususiyatlariga qarab bo’lishni hamda o’ziga xos xususiyatlarga ega bo’lgan rayonlarni ajratishni o’z ichiga oladi. Hududni xususiy (ixtisoslashtirilgan) rayonlashtirish qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishini ixtisoslashtirish bilan bog’liq bo’lgan aniq masalalarni hal qilish uchun o’tkaziladi. Agroiqlimiy rayonlashtirish muayyan hududdagi tuproq va iqlim omillarini hisobga olgan holda issiqlik, yorug’lik va namlik resurslarini baholash asosida olib boriladi. O’rta Osiyo mintaqasi g’o’zaga nisbatan agroiqlimiy jihatdan rayonlashtirilgan. Bu rayonlashtirishga g’o’za hosilining yetilishi uchun zarur bo’lgan 10° dan yuqori musbat haroratlar yig’indisi asos qilib olingan. Chunonchi, temperatura yig’indisi 4000° ni ifodalovchi izochiziq (bir xil qiymatlarni tutashtiruvchi chiziq) ertapishar, 4400° li izochiziq o’rtapishar o’rta tolali, 4900° li izochiziq ingichka tolali g’o’za navlari ekilishi mumkin bo’lgan rayonlarning shimoliy chegaralarini ifoda etadi. O’zbekiston hududi 12 asosiy agroiqpimiy zonaga bo’linadi.