FLORA

FLORA (yangi lotincha flora, lotincha Flora — gullar va bahor xudosi; lotincha flos — urug’, floris — gul) — o’simliklarning muayyan hududda tarixan tarkib topgan taksonlari majmui. Flora muayyan geografik joyga taalluqli bo’lib, uning hozirgi tabiiy sharoiti, o’tmishi b-n bog’liq va u yer yuzidagi boshqa Flora bilan ozmi-ko’pmi munosabatda bo’ladi. Bu jihatdan Flora muayyan hududdagi o’simliklar jamoasidan (o’simliklar qoplamidan) farq qiladi. “Flora” tushunchasi ma’lum hududdagi barcha o’simliklar taksonlarini o’z ichiga oladi. Tuban va boshqa yuksak o’simlik turlari majmui, odatda, ma’lum sistematik birliklar bilan belgilanadi (masalan, “sporali o’simliklar Florasi”, “suvo’tlar Florasi” va boshqalar). Florasi o’rganilayotgan material hajmi ma’lum darajada ixtiyoriy bo’lib, tanlangan joyga bog’liq (masalan, O’zbekiston Florasi, Kavkaz Florasi, Zarafshon Florasi va hokazolar). Har bir Florani bilish uning tur, turkum oila va boshqalarni aniqlashga, ya’ni Flora inventarizatsiyasiga asoslangan. Inventarizatsiyaning barcha turlari ma’lum belgilariga ko’ra Flora elementlariga ajratiladi. Jumladan, geografik elementlar o’zining geografik tarqalishiga ko’ra o’xshash, genetik elementlar esa geofafik kelib chikishi va joylashish tarixiga ko’ra yaqin turlarni birlashtiradi. Flora yoshini tahlil kilish uning progressiv (kelib chiqish, joylashish vaqtiga binoan yoshi), konservativ va relikt elementlarni aniklashga imkon beradi. Har qaysi Floraning muhim belgisi uning sistematik strukturasi, ya’ni Flora tarkibida turli sistematik guruxdarning birlashishidan iborat. Biror hududdagi o’simliklar sistematik tarkibini yorituvchi yirik asarlar ham, odatda, “Flora” deb nomlanadi. Ko’pincha Floraga mazkur xududda keng tarqalgan madaniy o’simliklar ham kiritiladi, lekin botanika bog’lari, Oranjereyalarda o’stiriladigan o’simliklar kiritilmaydi. O’simliklar tushunchasi o’rniga Flora tushunchasining ishlatilishi noto’g’ri.