FLORA DUNYOLARI
FLORA DUNYOLARI, yer yuzi flora dunyolari — yer yuzining muayyan hududlarida tarixan tarkib topgan, kelib chiqishi bilan o’zaro o’xshash floraparning eng yirik birlashmalari. Flora dunyolarini bir-biridan farqlashda paleogeofafik omillar (asosan, bo’r davridan boshlab) hamda tuproq va iqlim sharoitlari muhim ahamiyatga ega. har bir Flora dunyolari tarixan uzoq geologik davr mobaynida muayyan hududda kelib chiqqan va tarqalgan endemik o’simlik oilalari va turkumlari kompleksiga ega. Flora dunyolari kichikroq floristik birliklar (flora oblastlari, provintsiya, okrug, rayon va boshqalar)ga bo’linadi. Golarktika Flora dunyolari (yoki Golarktika oblasti) shimoliy yarim sharning tropikdan boshqa hamma qismini — janubda yashil burun orollari, Sahroi Kabir va Arabiston yarim orolining shimoliy qismlari, Fors ko’rfazi sohillari, Hindukush va Himolay tog’larining Janub yon bag’irlari, Xitoyning janub chekkasi, shimoliy Amerikada Meksika tog’larining shimoliy qismlari va Meksika ko’rfazi sohillarigacha bo’lgan juda katta hududni egallagan. Golarktika, o’z navbatida, Arktika, Boreal, O’rta Yevropa, O’rta dengiz bo’yi, Markaziy Osiyo, Sharqiy Osiyo, Kaliforniya (Sonora), Appalachi Flora dunyolariga bo’linadi. O’rta dengiz bo’yi va Sharqiy Osiyo oblastlarida endemik turlar ko’p. Paleotropik Flora dunyolari (yoki Paleotropik oblast) Golarktika Flora dunyolaridan Janubda (Sharqiy yarim sharda) to Janubiy Afrika subtropiklarigacha (Hind va tinch okeanlardagi orollar bn) bo’lgan hududni egallaydi. O’simlik dunyosi boy. Endemik o’simliklar kam. Sahroi Kabir, Sudan, Zambiya, Gvineya, Kongo, Kalaxari, Kap, Madagaskar, Hindiston, Hindixitoy, Malayya, Papua, Gavayya, Polineziya oblastlarini o’z ichiga oladi. Neotropik flora dunyosi (yoki Neotropik oblast) Amerika qit’asida Janubiy Kaliforniya va Bagama orollaridan boshlab, to 41° j.k.gacha bo’lgan qismini egallagan. Florasida kosmopolit o’simlik oilalari ko’p. Sernam va issiq ekvatorial zona o’rmonlari turlarga boy. Karib, Orinoko, Amazonka, Braziliya, LaPlata, And flora oblastlariga bo’linadi. Janubiy flora dunyosi Avstraliya materigi va Tasmaniya orol, Yangi Zelandiya, Janubiy Amerikaning Janub chekkasi, Antarktida yoni orollari va Antarktidani o’z ichiga oladi. Avstraliya, Yangi Zelandiya, Yangi Kaledoniya va MagellanAntarktika flora oblastlariga bo’linadi. Avstraliya florasi o’ziga xos o’simlik turlariga ega (evkaliptlar va boshqalar). Shuning uchun ba’zi botaniklar uni alohida Flora dunyolari hisoblashadi.