ADIB SOBIR TERMIZIY
ADIB SOBIR TERMIZIY (Shohobiddin ibn Ismoil) (1078 — Termiz — 1147) — shoir. Termizda voyaga yetgan Falakiyot va riyoziyot bilan shug’ullangan. Bir necha yil Arabiston va Xurosonda sayohatda yurgan. 30 yil Xuroson hokimi Abulqosim Ali ibn Ja’far saroyida, so’ng Marvda saljuqiy hukmdor Sulton Sanjar saroyida xizmat qilgan, adabiy muhit bilan tanishgan. Umar Xayyom, Futuxiy, Marvoziy, Anvariy, Kotibiy, Said Hasan G’aznaviy kabi shoir va olimlar bilan muloqotda bo’lgan. Adib Sobir Termiziy ijodida ijtimoiy, ta’lim-tarbiyaviy fikrlar, ilm-fan, odob va axloqni ulug’lash, ishq-muhabbat va tabiat go’zalliklarini kuylash asosiy o’rinni egallagan (“Nihoyat haddan oshdi…”, “Ilm sharafiga…”, “Bahor fasli…”, “Garchi olimning…”, “Kechamiz tugaru oxir tong otar”, “Bir zamon bo’lgayki…”va boshqalar). Tarjiband va ruboiylarining ko’pchiligida hayotiy voqealar aks etgan. She’rlari asosan fors tilida. She’rlari va devonining bir necha qo’lyozma nusxalari O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi. Devoni Eronda (1952) nashr etilgan, unga 109 qasida, 66 g’azal, 113 qit’a, 7 tarjiband, 92 ruboiydan iborat 7000 bayt she’r kirgan. As: Tanlangan asarlar, T., 1979; Saylanma, T., 1982.