AYBLOV

AYBLOV (huquqda) — muayyan jinoiy qilmishni sodir etganlikda ayblanib, jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingan shaxsning aybdorligini isbotlash maqsadida qilingan harakat. Ayblov shaxsni jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish to’g’risidagi tergovchi yoki prokurorning qarorida bayon qilinadi (O’zbekiston Respublikasi JPK, 361-modda). Ayblovni o’zgartirish, tugatish, to’ldirish va tugatilgan Ayblovni Qayta tiklash tartiblari ushbu Kodeksning 362 – va 363-moddalarida nazarda tutilgan. Ayblov uch xil bo’lib Ayblovni 1) sudda ko’rilayotgan jinoyat ishida qatnashayotgan prokuror davlat nomidan, 2) jamoat birlashmalari va jamoalar sud muhokamasida jamoat ayblovchisi tariqasida ishtirok etish uchun yuborgan va qil — jamoat nomidan va 3) jabrlanuvchi shaxsan o’zi yoki vakili orqali quvvatlashi mumkin. Prokuror davlat ayblovchisi tariqasida sud majlisida aniqlangan holatlarga qarab Ayblovni quvvatlash, o’zgartirish yoki Ayblovdan voz kechish huquqiga ega. Prokuror (davlat ayblovchisi) Ayblovni quvvatlash, o’zgartirish va undan voz kechish xususida o’z fikrini sudga yozma tariqasida topshirishi lozim. Jamoat ayblovchisi Ayblovning isbotlangani haqida sudda fikr berishga va Ayblovdan voz kechishga haqli. Jamoat birlashmasi, jamoa o’zi yo’llagan jamoat ayblovchisini xohlagan vaqtda chaqirib olishga yoki uni boshqa vakil bilan almashtirishga haqli. Agar jamoat ayblovchisi chaqirib olingan bo’lsa, vakil yuborgan jamoat birlashmasi yoki jamoa jamoat Ayblovidan voz kechgan hisoblanadi.