AKKREDITATSIYA

AKKREDITATSIYA (lot. ishonch bildirmoq) — vakil qilish, vakolat berish. Konstitutsiyaviy, ma‘muriy va xalqaro huquqda qo’llaniladigan tushuncha. 1) Diplomatiya va boshqa xalqaro munosabatlarga tatbiqan olganda Akkreditatsiya shaxsning boshqa davlatda yoki xalqaro tashkilotda muayyan davlatning vakili etib tayinlanganini bildiradi. Tayinlash jarayoni (akkreditatsiya qilish) bir necha bosqichni o’z ichiga oladi: davlatning tashqi siyosiy idorasi tomonidan diplomatik vakil nomzodini tanlash; bu nomzodni davlatning diplomatik vakilni tayinlashga vakolatli organi yoki mansabdor shaxsiga (O’zbekiston Respublikasida – O’zbekiston Respublikasi Prezidentiga) tavsiya etish (taqdim etish); mazkur organ (mansabdor shaxs) tomonidan tavsiya etilgan nomzodni parlamentning tegishli qo’mitalari, komissiyalari bilan kelishib olish (O’zbekiston Respublikasida Prezident O’zbekiston Respublikasining chet davlatlar va xalqaro tashkilotlardagi diplomatik vakillarini Oliy Majlis Senatiga taqdim etadi – O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi); qabul qiluvchi davlatning roziligini olish; diplomatik vakilni tayinlash to’g’risidagi huquqiy hujjatni chiqarish; diplomatik vakil tomonidan tegishli davlat boshlig’iga yoki xalqaro tashkilot rahbariga ishonch yorlig‗ini topshirish. Chet davlatlarning diplomatik vakillari O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida akkreditatsiya qilinadi, Prezident ularning ishonch va chaqirib olish haqidagi yorliqlarini qabul qiladi (O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning 93-moddasi). 2) Jurnalistlarni davlat organlari, tashkilotlar, muassasalar, jamoat birlashmalarining organlarida Akkreditatsiya qilish. Jurnalistlarni Akkreditatsiya qilgan organlar, tashkilotlar, muassasalar ularni majlislar, kengashlar va boshqa tadbirlar haqida oldindan xabardor qilishlari, stenogrammalar, bayonnomalar va boshqa hujjatlar bilan ta‘minlashlari, yozib olishlari uchun qulay shartsharoit yaratishlari shart. Akkreditatsiya qilingan jurnalist o’zini Akkreditatsiya qilgan organlar, tashkilotlar, muassasalar o’tkazadigan majlislar, kengashlar va boshqa tadbirlarda hozir bo’lish huquqiga ega, yopiq tadbir o’tkazish to’g’risida qaror qabul qilingan hollar bundan mustasno. 3) ―Akkreditatsiya‖ tushunchasi ta‘lim sohasida ham qo’llaniladi. Ta‘lim muassasasining davlat tomonidan Akkreditatsiya qilinganligi to’g’risidagi guvohnoma uning davlat maqomini, amalga oshiriladigan ta‘lim dasturlari darajasini, bitiruvchilarni tayyorlash mazmuni va sifatining davlat ta‘lim standartlari talablariga muvofiqligini, bitiruvchilarga ta‘limning tegishli darajasi haqida davlat namunasidagi hujjatlar berish huquqini tasdiqlaydi.