ALGOLOGIYA

ALGOLOGIYA (lotincha alga — suvo’t, Yunoncha logos — ta’limot), fikologiya — botanikaning suv o’tlarini o’rganadigan bo’limi. Algologiyaning o’rganish ob’yekti bir hujayrali mikroskopik o’lchamdagi prokariot (ko’k-yashil suv o’tlari, proxlorfitsimonlar) hamda ko’p hujayrali yirik (uzunligi 60 metrgacha) eukariot (yashil, sariq-yashil, qo’ng’ir, qizil va boshqa) organizmlardir. Mikroskopik kattalikdagi suv o’tlari ba’zan mikrobiologiyaning o’rganish ob’yekti hisoblanadi. Algologiyaning mustaqil fan sifatida rivojlanishi 19-asrning ikkinchi yarmida ota-bola Agerdlar hamda Kyutsin de bari, G. Tyure, N. Prins-geym, L. S. Tsentkovskiyning suv o’tlarining morfologiyasi va sistematikasi sohasidagi tadqiqotlari bilan bog’liq, 20-asrning ikkinchi yarmida suv o’tlaridan tibbiyot, qishloq xo’jaligi, oziq-ovqat va xalq xo’jaligining boshqa tarmoqlarida foydalanish borasida erishilgan muvaffaqiyatlar Algologiyaning tez sur’at bilan rivojlanishiga olib keldi. O’rta Osiyoda, shu jumladan O’zbekistonda Algologiyaning rivojlanishi akademik A. M. Muzaffarov nomi bilan bog’langan. Uning bevosita ishtiroki va rahbarligida O’zbekiston algoflorasining tarkibi o’rganilib, natijada ularning tarqalish qonuniyatlari kashf etildi. Suv o’tlarni sun’iy yo’l bilan ko’paytirib, ulardan xalq xo’jaligining turli tarmoqlarida foydalanish mumkinligi ilmiy tomondan tahlil qilindi. O’zbekistonda algoflorani rivojlantirishga qaratilgan yirik ilmiy asarlar nashr etildi. “O’rta Osiyo tog’suv havzalarining suvo’tlar florasi”, “Suvo’tlarning geografik tarqalishi”, “O’rta Osiyo ko’k-yashil so’vo’tlari aniqlagichi”, “Xlorella va uni qo’llash”, “O’rta Osiyo suv havzalari va algoflorasining rivojlanishi va tarqalish qonuniyatlari”, “O’rta Osiyo protokok suv o’tlari aniqlagichi” kabi qator asarlar shular jumlasidandir. Bu sohadagi ishlar ayni vaqtda O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Botanika institutida davom ettirilmoqda.