AN’ANA
AN’ANA (arb.) — tarixan vujudga kelgan, barcha uchun umumiy, odatdagi hayot uslubi va harakatga aylangan, muayyan jamiyat yoki ijtimoiy guruhda hukumronlik qiluvchi va alohida shaxslar ham, butun jamiyat ham amal qilishini talab etuvchi va amal qilinuvchi ijtimoiy hayot tartibi. Ajdodlarning tarixan to’plagan ma‘naviy qadriyatlarini avlodlarga uzatish (berish) vositasi. An’ana o’z holicha mavhum tushuncha bo’lib, aslida An’anaga aylangan rasm-rusumlar, urf-odatlar, marosimlar, udumlar, ko‗nikmalar, malakalar, turmush tarzi va boshqalar haqida fikr yuritilganda, u aniq ma‘no kasb etadi. Millatlar, xalqlar, elatlarning tarixiy xotirasiga zo’r hurmat bilan qarash avvalo An’anaga aylangan marosimlarda o’z ifodasini topadi. An’analar xalqlarning tarixiy rivojlanishi jarayonida shakllanadi. Odamlarning turmush tarzi, moddiy sharoitlari turli An’analarning shakllanishiga ta‘sir qiladi. Muayyan ijtimoiy tartib-qoidalar, axloq me‘yorlari, urf-odat, marosim va boshqalar. An’ana sifatida namoyon bo’ladi. An’analarni jamiyat va odamlarni boshqarishning ma‘naviy omillaridan biri sifatida tavsiflash mumkin. An’analar yoshlarni tarbiyalash, ularni keksa avlod tajribalariga o’rgatish vositasi hamdir. Har bir davrning o’z An’analari bo’lib, vaqt o’tishi bilan o’zgarib, mazmunan boyib boradi, ba‘zilari yo’qoladi, yangilari vujudga keladi. Shundan, bir zamonning an‘analari ikkinchisiga mos kelmasligi mumkin. Davr talabiga javob bermaydigan An’analar unutiladi, o’tmishga aylanadi. An’ana inson faoliyatining hamma sohalarida, namoyon bo‗ladi.