ATEIZM

ATEIZM (yun. a – inkor qo’shimchasi, theos – xudo; xudoni, dinni inkor etish) — dinni, diniy ta‘limotni, xudoni, umuman ilohiy kuchlarga e‘tiqod qilishni inkor etish. Diniy va ateistik dunyoqarashlar bir-biriga zid bo’lib, buning zaminida idealistik va materialistok falsafiy yo’nalishlar o’rtasidagi kurash yotadi. Ateizm qadimda ilk ateistik tasavvurlar paydo bo’lgan davrdan hozirgi kungacha bir necha bosqichni bosib o’tdi. Qadimgi Misr, Bobil, Hindiston va Xitoyda miloddan avvalgi III ming-yillikdan boshlab diniy aqidalarni tanqid qilgan asarlar paydo bo‘lgan. Antik dunyo, ya‘ni Yunoniston va Rim ateistlari tabiat hodisalarini materialistik asosda talqin qilishga, dinlarning vujudga kelish sabablarini ochishga urindilar. O’rta asrlarda dinning mavqei kuchli bo‘lgan sharoitda Ateizm deyarli rivojlanmadi. Yevropada o’rta asr mutaassibligi ustidan g’alaba qozonilgach, Spinoza, fransuz materialistlari, Feyerbax kabi ateistlar o’z faoliyatlarini Tavrotning tanqidi va dunyoviy ma‘rifatchilikni yoyishga qaratdilar. Umuman Marksgacha Ateizm asosan dinni tanqid qilish bilan cheklangan holda uning jamiyatda saqlanib qolishi va muayyan maqsadlarga xizmat qilishini e‘tirof etish bilan xarakterlanadi. Marksistik Ateizm bundan tubdan farq qiladi, zero u o’z oldiga yerdagi hayotni inqilobiy yo’l bilan o’zgartirib, dindan holi bo’lgan jamiyat barpo etishni maqsad qilib qo’ygandi. Markschileninchilar «kommunistik jamiyat qurilishi jarayonida diniy hamda o’tmishning boshqa sarqitlaridan ozod bo’lgan, ilmiy ateistik dunyoqarash bilan qurollangan yangi inson shakllanajagi» haqida da‘vo qildilar. Marksistik ateizm O’zbekistonda ham o’zining salbiy rolini o’ynadi. 30-yillarda respublikada «Xudosizlar» nomi bilan o’zbek tilida jurnal nashr etildi. Arab alifbosi bekor qilingach, minglab kitoblar yoqib yoki ko’mib tashlandi, yuzlab masjid va madrasalar omborxonalarga aylantirildi yoki tashlandiq holga keltirildi, arab tili va islom tarixining bilimdonlari quvg’in ostiga olindi. Toshkent shahrida butun ittifoq Ilmiy ateizm institutining respublikalararo filiali ochilgani (1981- yil) va, ayniqsa, O’zbekiston KP MKning 16-plenumi (1984-yil) chaqirilganidan keyingi paytni O’zbekistonda Ateizmning quturgan yillari deb atash mumkin. Zero shu yillari mamlakatda dinga uzil-kesil barham berishga qaratilgan tadbirlar o’tkazildi. Jumladan, diniy bayramlar va marosimlar ta‘qiqlanadi; hatto sevimli xalq bayrami Navro’zga ham «diniy» tamg’a urilib, uni yo’qqa chiqarishga harakat qilindi. SSSR qulagach, «ilmiy ateizm» umuman fan sifatida yo’q bo’ldi. Ilmiy-texnik jihatdan rivojlangan mamlakatlarda muayyan falsafaga (masalan, neopozitivizm, ekzistensializm va h.k.) asoslangan ateistik qarashlar hozir ham sezilarli o’rin egallaydi. Ayniqsa XX asr 2- yarmida Bertran Rassel va Jan-Pol Sartrlarning asarlari bu borada katta rol o’ynadi. AQSH va G’arbiy Yevropa mamlakatlari aholisining 8-10% ateist hisoblanadi. Yer yuzida turli dinlar va mayda diniy firqalar misli ko’rilmagan darajada ko’payib ketgan bugungi real voqelikda Ateizmning o’ziga ham e‘tiqod sifatida qarash urf bo’layapti. Ko’pgina xalqaro hujjatlarda, xususan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida: «Har bir inson fikr, vijdon, din va e‘tiqod erkinligi huquqiga egadir», deb yozilgan. Zamonaviy demokratik jamiyatlarda, shu jumladan, O’zbekistonda fuqarolar uchun haqiqiy vijdon erkinligi huquqi, ya‘ni har qanday dinni erkin tanlab olish yoki hech qanday dinga e‘tiqod qilmaslik Konstitutsiya bilan kafolatlangan.