BOJXONA ITTIFOQI

BOJXONA ITTIFOQI — ikki yoki undan ortiq davlatlar o’rtasida o’zaro bojxona chegaralarini bekor qilish, boshqa mamlakatlar uchun yagona boj tariflarini joriy etish to’g’risidagi bitim; davlatlarning bojxona siyosati sohasida hamkorlikda faoliyat olib borish maqsadlarida birlashuvi. Bojxona ittifoqi asosan ittifoqqa a‘zo davlatlarda ishlab chiqarilgan tovarlarning raqobatbardoshligini ko’tarish maqsadlarida boj undirish, a‘zo bo’lmagan davlatlarga nisbatan yuqori boj stavkalari masalalarini tartibga soladigan ikki yoki ko‗p tomonlama bojxona konvensiyalari asosida tashkil etiladi. Dastlabki Bojxona ittifoqilaridan biri Fransiya va Monako o’rtasida tuzilgan (1865). 1924-yilda Shveytsariya bilan Lixtenshteyn knyazligi o’rtasida Bojxona ittifoqi vujudga keldi. Rivojlangan mamlakatlar o’rtasidagi Bojxona ittifoqiga Ta’riflar va savdo to’g’risida Bosh kelishuv (1947; 1997-yildan Jahon savdo tashkiloti), Yevropa iqtisodiy hamjamiyati (1957; 1995-yildan Yevropa Ittifoqi), Yevropa erkin savdo uyushmasi (1960) misol bo’ladi.