BOSH ASSAMBLEYA

BOSH ASSAMBLEYA — BMT asosiy organlaridan biri, barcha a‘zolarining umumiy yig’ilishi. Butun BMTga tegishli vazifalar hamda vakolatlarning muhim qismini bajaradi. BMT barcha asosiy organlari orasida eng vakolatlisi. Shu organlarni shakllantirishda ishtirok etadi. BMTga a‘zo hamma davlatlar o’z vakillariga ega bo’lgan yagona organ. Mazkur vakillar ko’pi bilan 5 delegat va yana shuncha delegat o’rinbosari va zarur miqdordagi maslahatchilar va ekspertlardan tashkil topadi. BMTga a‘zo davlatlarning barchasi BMT Bosh Assambleyasida teng huquqli, ya’ni har biri bir ovozga ega. Delegasiya majlislar zalida davlatning ingliz tilidagi rasmiy nomiga muvofiq alifbo tartibida joylashadi. BMT Bosh Assambleyasi BMT Ustavi doirasidagi yoki uning har qanday organi vakolat hamda vazifalariga doyr har qanday masala yoxud ishni, bironbir davlat yoki Xavfsizlik Kengashi o’rtaga qo’ygan masalalarni muhokama qilish, shuningdek, BMT a‘zolari va (yoki) Xavfsizlik Kengashiga oid tavsiyalarni berish vakolatiga ega. BMT Bosh Assambleyasi Xavfsizlik Kengashining doimiy bo’lmagan a‘zolarini (doimiy a‘zolari BMT Ustavi 23-moddasida ko’rsatilgan), Iqtisodiy va Ijtimoiy kengash a‘zolarini saylaydi; Xavfsizlik Kengashi bilan birga Xalqaro sud sudyalarini saylashda qatnashadi; Xavfsizlik Kengashi tavsiyasiga binoan BMT Bosh kotibini tayinlaydi; Xavfsizlik Kengashining va BMT boshqa organlarining-yillik hamda maxsus dokladlarini qabul qilib, ko’rib chiqadi; BMT budjetini muhokama etib, tasdiqlaydi. BMT Bosh Assambleyasi navbatdagi-yillik sessiyaga (u odatda sentabr oyining 3-seshanba kuni ochiladi), shuningdek maxsus yoki (1950-yildan) favqulodda sessiyaga yig’iladi. Maxsus sessiyalar Xavfsizlik Kengashi, BMT a‘zolarining ko’pchiligi yoki bular ma’qullagan holda BMT a‘zolaridan birining talabi bilan chaqiriladi.