DIPLOMATIK MUNOSABAT

DIPLOMATIK MUNOSABAT — xalqaro huquq me‘yorlariga va xalqaro muloqot tajribasiga ko’ra davlatlar o’rtasida rasmiy munosabatlarni yuritishning asosiy shakli. Diplomatik munosabat davlatlar o’rtasida do’stona aloqalarni rivojlantirishga, xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlab turishga ko’maklashishi zarur. Diplomatik munosabatlar to’g’risidagi 1961-yil Vena konvensiyasiga binoan davlatlararo Diplomatik munosabat o’zaro kelishuv asosida yo’lga qo’yiladi. Diplomatik munosabatni o’rnatishda odatda biron-bir davlat va uning hukumatining boshqa bir davlat tomonidan defakto yoxud deyure tan olinishi dastlabki qadam hisoblanadi. Diplomatik munosabat manfaatdor davlatlar vakillari bilan bevosita yoki bilvosita, uchinchi bir davlat diplomatik vakillari bilan muzokara yuritish natijasida o’rnatiladi hamda davlatlar va hukumatlarning boshliqlari, tashqi ishlar vazirlari, maxsus vakolatli shaxslarning o’zaro maktub, telegramma va xatlar ayirboshlashi tarzida rasmiylashtiriladi. Tomonlar Diplomatik munosabat o’rnatilishi fakti haqida, diplomatik vakilliklar darajasi (elchixona yoki missiya), bitimning kuchga kirish sanasi, uni e‘lon qilish muddati va tartibi to’g’risida ham o’zaro kelishib oladi.