KONSTITUTSIYA
KONSTITUTSIYA (lot. constitutio – tuzilish, tuzuk) — davlatning asosiy qonuni. U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, shuningdek, sud tizimini belgilab beradi. Konstitutsiya barcha joriy qonunlarning asosi hisoblanadi. Konstitutsiya davlatchilik belgisidir. Birbiridan farqlanuvchi yuridik va haqiqiy (faktik) Konstitutsiya tushunchalari bor. Yuridik Konstitutsiya ijtimoiy munosabatlar doirasini tartibga soluvchi ma’lum huquqiy normalar tizimi. Haqiqiy Konstitutsiya esa – shunday munosabatlarning o’zi, ya’ni real mavjud munosabatlardir. Konstitutsiya o’z shakliga ko’ra, kodekslashtirilgan, kodekslashtirilmagan va aralash turlarga bo’linadi. Kodekslashtirilgan Konstitutsiya – konstitutsiyaviy xususiyatga ega barcha asosiy masalalarni tartibga soluvchi bir butun yozma hujjat hisoblanadi. Agar ayni o’sha masalalar bir necha yozilgan hujjatlar bilan tartibga solinsa, u holda Konstitutsiya kodekslashtirilmagan hisoblanadi. Aralash turdagi Konstitutsiya parlament tomonidan qabul qilingan qonunlar va sud presedentlari bilan birga, odatlar va nazariy sharxlarni ham o’z ichiga oladi, ya’ni qisman yozilgan bo’ladi. O’zgartirish kiritish usuli bo’yicha Konstitutsiya yumshoq va qattiq turlarga bo’linadi.Ularning birinchisi oddiy qonun qabul qilish yo’li bilan o’zgartirilishi mumkin. Ikkinchisi maxsus takomillashtirilgan tartibda (parlament a‘zolari ovozining malakali ko’pchiligi, ba’zan esa referendum o’tkazish, tuzatishlarni muayyan miqdordagi federasiya subyektlari tomonidan ratifikasiyalash va shu kabi) o’zgartirilishi mumkin. Amal qilish muddatlari bo’yicha Konstitutsiyalar doimiy va muvaqqat turlarga bo’linadi. Davlat faoliyatining turli sohalarida Konstitutsiyaga rioya qilinishini nazorat etish Oliy sud yoki Konstitutsiyaviy sud zimmasiga yuklanadi. Konstitutsiya atamasi Qadimgi Rimdayoq bor edi (imperator Konstitutsiyasi deb atalgan qonun).