GEGEMONIZM
GEGEMONIZM (yun. hegemonia – yo’l boshlash, hukmronlik, yetakchilik, boshqarish) — jahonda hukmron bo’lishga, boshqa mamlakatlar va xalqlar ustidan hukmronlik qilishga, intilishga asoslangan siyosat. Gegemonizm – davlatlar va xalqlarning teng huquqliligiga aks ta’sir ko’rsatuvchi tushuncha. Gegemonizm mohiyatan dunyo barqarorligiga yo’naltirilgan yoki unga xizmat qilishi kerak bo’lgan jahon siyosatiga zid hodisa bo’lib, ijtimoiy taraqqiyot va jamiyat barqarorligi va xavfsizligini izdan chiqaradi. Ba‘zi davlatlarning gegemonlikka hamma sohada ustunlikka va o’z hukmiga buysundirishga da‘vo bilan chiqishi insoniyat tarixining barcha bosqichlarida har doim o’ta salbiy oqibatlarni keltirib chiqargan. Gegemonlik hech qachon umumbashariy rivojlanish ishiga xizmat qilmagan. Lekin hozirgi nozik davrda uning salbiy ta‘siri yanada yaqqolroq sezilmoqda. Bugungi kunda Gegemonizm dunyo taraqqiyoti uchun jiddiy xavf-xatar solayotganiga e‘tibor qaratishning sababi ham shunda. Zero, Gegemonizm alohida olingan biron-bir qudratli siyosiy kuchning manfaatlarini ustuvor darajada bir tomonlama ta‘minlash maqsadiga qaratilgandir. Bu o’z navbatida boshqa tomonlarning manfaatlariga zid tushadi va ularning bir maromda rivojlanishiga putur atkazadi. Bunday adolatsizlik iqtisodiy, siyosiy va harbiy jihatdan yetarli imkoniyatga ega bo’lmagan davlatlar, xalqlarning xalqaro jarayonlarda to’laqonli ishtirok eta olmasligiga sabab bo’ladiki, natijada tabiiy ravishda bunday mamlakatlar xalqlarida gegemonlikka intilgan davlatlarga nisbatan nafrat va norozilik his-tuyg’usi kuchayadi va bunday holat dunyo hamjamiyatining barqaror rivojlanishiga zarar yetkazadi.