GENOTSID

GENOTSID (yun. genos – urug’, qabila va lot. caedo – o’ldiraman) — xalqaro jinoyatlarning bir turi: irqi, millati, dini, etnik tarkibiga ko’ra, aholi guruhlarini yoppasiga yoki qisman jismonan qirib yuborishga qaratilgan harakat. ―Genotsid atamasi ilk bor 1943- yilda kelib chiqishi yahudiy bo’lgan pol‘shalik yurist Rafael Lemkin tomonidan muomalaga kiritilgan. BMT Bosh Assambleyasining Genotsid jinoyatlarining oldini olish va ularni amalga oshirganligi uchun jazolash to’g’risidagi konferensiyasiga (1948) ko’ra, Genotsid qattiq qoralanadi, aybdor shaxslarga nisbatan xalqaro jinoiy javobgarlik belgilanadi. Bunda mazkur shaxslarning ijtimoiy mavqei, Genotsid tinchlik yoki urush vaqtida sodir etilganligi hisobga olinmaydi. Konvensiyani imzolagan davlatlar o’z hududlarida Genotsidni amalga oshiruvchi va unga undovchi shaxslarni jazolash bo’yicha huquqiy me’yorlarni ishlab chiqish majburiyatini o’z zimmalariga oladilar. Irqiy kamsitishning barcha shakllarini yo’q qilish to’g’risidagi BMT Konvensiyasida (1965) ham Genotsid qattiq qoralanadi. II jahon urushi davrida gitlerchilar Germaniyasining slavyan va yahudiy millatlariga mansub aholi (taxminan 12 mln. kishi)ni ommaviy qirg’in etishi, Pol Pot va Ieng Sari to’dasining Kampuchiya xalqiga qarshi vahshiyona jinoyatlari (ular oqibatida 3 mln. kishi yo’q qilib yuborildi), 1987-1989-yillarda Anfal operatsiyasi jarayonida Iroq qo’shinlari tomonidan shimoliy Iroqdagi kurd aholisining qirib tashlanishi, 1995-yilda Srebrenitsadagi qirg’in – Bosniya serblari tomonidan bosniyalik musulmonlarning ommaviy tarzda o’ldirilishi va h.k.lar Genotsidning eng ashaddiy ko’rinishi hisoblanadi.