IKKI PALATALI TIZIM
IKKI PALATALI TIZIM — davlat huquqida vakolatli organ tarkibida, odatda, alohida-alohida ishlaydigan ikki palata (quyi va yuqori palata)ning mavjudligi. Palatalar turlicha yo’l bilan tuziladi va turlicha vakolatga ega bo’ladi. Tarixan quyi palata bir muncha demokratik hisoblangan, shuning uchun aristokratiya manfaatlarini ifoda etuvchi yuqori palata unga qarshi qo’yilgan va bu palata quyi palataga nisbatan tizginlovchi vazifasini o’tashi kerak bo’lgan. Ikki palatali tizim hozirgi vaqtda federativ davlatlarda ham, unitar davlatparda ham mavjud. Parlamentning quyi palatasi hamma vaqt bevosita aholi tomonidan saylanadi. Yuqori palata turli yo’l bilan – bilvosita saylovlar (Fransiya, Avstriya, GFR) yoki to’g’ridan-to’g’ri saylovlar (AQSH, Italiya, Avstraliya, Yaponiya) yo’li bilan shakllantiriladi. Ayrim mamlakatlarda yuqori palata nasldan naslga o’tish belgisi bo’yicha tuziladi (Buyuk Britaniya), yoki uning a‘zolarini davlat boshlig’i tayinlaydi (Kanada). Bir qancha hollarda yuqori palatalar aralash yo’l bilan shakllantiriladi: a‘zolarning bir qismi saylanadi, bir qismi tayinlanadi, qolganlar nasldan naslga o’tish qoidasiga ko’ra o’z o’rnini egallaydi (Nepal). Yuqori palatalarning deputatligiga nomzodlar uchun, odatda, ancha qattiq talablar qo’yiladi (birmuncha yuqori yosh senzi va boshqalar). Hozirgi parlamentlarning ko’pchiligida yuqori palatalarning huquqlari quyi palatalarnikiga nisbatan cheklangan (masalan, ko’p mamlakatlarda moliyaviy qonun loyihalarini faqat quyi palatalar kiritishi mumkin, yuqori palatalar esa ularning qabul qilinishiga biron-bir ta‘sir ko’rsata olmaydi). O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi ikki palatadan – O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi (quyi palata)dan hamda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati (yuqori palata)dan iborat.