KONFLIKT

KONFLIKT (lot. conflictue – ixtilof, to’qnashish) — qarshi tomonlar, fikrlar, kuchlar to’qnashuvi. Konfliktning maishiy, axloqiy, ijtimoiy-siyosiy, falsafiy va boshqalar turlari mavjud. Voqealar rivoji davomida ijtimoiy Konflikt siyosiy Konfliktga, siyosiy Konflikt Falsafiy Konfliktga aylanishi mumkin. Katta, o’tkir g’oyalar uchun keskin kurashga asoslangan to’qnashuvda fojiaviy ruh ustun bo’lib, fojiaviy Konfliktni tug’diradi yoki kulgili, o’tkir hajviy yo’nalishdagi vaziyat, holat, voqealar kulgili ruhni hosil qiladi. Konfliktning mohiyati zamon, makon bilan jips bog’liq. Shunday Konfliktlar bo’ladiki, davr o’tishi bilan ular barham topadi. Masalan, qadimgi dunyoda yaratilgan asarlar Konfliktti zaminida taqdir taqozosi turgan bo’lsa, o’rta asrlardagi asarlarda ilohiy kuch bilan insondagi shaytoniy hirs Konfliktning asosini tashkil etadi. Romantizm davrida voqelik, muhit, shart-sharoit bilan ideal o’rtasida, yaxshilik bilan yomonlik, ruhiy erkinlik bilan turmush tashvishlari o’rtasidagi ziddiyat hukmronlik qilgan, realizm tantana qilgan davrda inson mohiyati, uning istagi, imkoniyati bilan ijtimoiy-tarixiy shart-sharoit zaminida Konflikt yuzaga kelgan. Shunday boqiy mavzular borki (masalan, saxiylik va xasislik, vafodorlik va bevafolik, tiriklik va o’lim), bularda Konflikt har bir davrning ma’naviy, ruhiy talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib talqin qilinadi.