KONSTITUTSIYAVIY HUQUQ

KONSTITUTSIYAVIY HUQUQ — asosiy ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy normalar yig’indisi, huquq tizimining yetakchi sohasi. Konstitutsiyaviy huquq normalari davlatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va hududiy tuzilishi, uning fuqarolik jamiyati institutlari bilan munosabatlari tartibini, fuqaro va shaxs huquq hamda erkinliklari amalga oshirilishining asosiy tamoyillarini, davlat hokimiyati organlari tizimini belgilaydi. Bir qancha mamlakatlarda (jumladan, O’zbekiston Respublikasida ham) ushbu huquq sohasini belgilash uchun davlat huquqi tushunchasi qo’llanadi. Konstitutsiyaviy huquqning asosiy tamoyillari: boshqaruvning respublika shakli, inson va fuqarolar huquq hamda erkinliklarining ustunligi, hokimiyatlarning bo’linishi. O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy huquqi O’zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumi asoslarini; inson va fuqarolarning asosiy huquq hamda erkinliklari, ularning kafolatlarini; ma’muriy-hududiy va davlat tuzilishini; saylov tizimini; hokimiyat tizimi va davlat organlari tizimini tashkil etish hamda faoliyatining asosiy tamoyillarini; fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish asoslarini mustahkamlaydi.