O’RTA OSIYODA MILLIY-HUDUDIY CHEGARALANISH

O’RTA OSIYODA MILLIY-HUDUDIY CHEGARALANISH — mustabid sovet rejimi tomonidan Turkiston xalqlarining ―milliy davlatlarini tashkil qilish niqobi ostida ularni ajratib tashlash maqsadida amalga oshirilgan siyosiy tadbir (1924). Turkiston mintaqasi azaldan turkiy xalqlarning yagona maskani va umumiy vatani bo’lgan. 1918–1924-yillarda mavjud bo’lgan Turkiston ASSR, BXSR, XXSRning tub xalqlari asrlar davomida turmush tarzi va an‘analari jihatidan bir-birlariga juda yaqin bo’lishgan. Turkistondagi turli davlatlarning har birida turkiy xalqlar: o’zbeklar, turkmanlar, qoraqalpoqlar, qozoqlar, qirg’izlar, shuningdek, tojik xalqi azaldan yashaganligi tarixan tarkib topgan hodisa edi. Turkiston mintaqasining xalqlari shu tuproqni, Turonzaminni qadimdan o’zlarining asl Vatani deb bilganlar. Mustabid sovet rejimi va bolsheviklar uchun esa Turkiston o’lkasini bo’lib tashlab, uni idora qilish qulay edi. Shu bois 1924 yil 12-iyunda RKP(b)MK Siyosiy byurosi O’rta osiyoda milliy-hududiy chegaralanish to’g’risida maxsus qaror qabul qilgach, 15-iyulda RKP(b) MK O’rta Osiyo byurosi yangi tashkil etiladigan milliy respublikalar va oblastlarning muvaqqat byurosini tashkil etdi.