VOTUM
VOTUM (lot. votum – iroda, xohish) — 1) vakillik organi tomonidan hukumatga, uning alohida a‘zosiga, boshqa ijro etuvchi organga, ijro etuvchi hokimiyatning mansabdor shaxsiga ishonch yoki ishonchsizlik bildirish. Votumning bir necha turlari mavjud: Ishonch Votumi – parlament boshqaruv tizimi amalda bo’lgan davlatlar parlament amaliyotida qoida tariqasida hukumat yoki ayrim vazirning siyosiy yo’li, muayyan tadbiri yoki qonun loyihasining quyi palata tomonidan ma‘qullanishi. Ishonch Votumi to’g’risidagi masalani qo’yish tashabbusi bilan hukumatning o’zi, parlament fraksiyalari yoki deputatlar guruhlari chiqishi mumkin. Ishonchsizlik Votumi – parlament boshqaruv tizimi amalda bo’lgan davlatlar parlament amaliyotida qoida tariqasida hukumat yoki ayrim vazirning siyosiy yo’li, muayyan tadbiri yoki qonun loyihasining quyi palata tomonidan noma‘qul deb topilishi. Mazkur Votum to’g’risidagi masala hukumatning o’zi, parlament fraksiyalari yoki deputatlar guruhlarining tashabbusi bilan qo’yiladi. Hukumatga ishonchsizlik Votumi bildirilishi amalda hukumatning iste‘foga chiqishiga va yangi hukumat tuzilishiga (ya‘ni siyosiy tanglikka) yoxud parlament (quyi palata) tarqatib yuborilishiga hamda muddatidan avval parlament saylovlari o’tkazilishiga sabab bo’ladi. Majburiy Votum – ayrim mamlakatlarda muomalaga layoqatli barcha fuqarolarning davlat hokimiyati organlariga saylovlarda, albatta, qatnashishini talab etuvchi yuridik majburiyat. Plyural Votum – ayrim mamlakatlarda saylovchilarning muayyan toifalari saylovlarda ikki yoki undan ortiq ovozga ega bo’lishini taqozo etadigan tartib. Saylov Votumi – parlament, prezident, munitsipalitetga saylovlar bo’yicha yakuniy natijalar. Ishonch yoki ishonchsizlik bildirish hukumat, hukumat a‘zosi, boshqa organ uchun ham, vakillik organining o’zi uchun ham muayyan oqibatlarni keltirib chiqaradi. Ba‘zi mamlakatlarda hukumat tomonidan taqdim etilgan uning faoliyati dasturini qo’llab-quvvatlab parlament ovoz berishi ishonch bildirishga tenglashtiriladi. Bu dasturni qo’llab-quvvatlashni rad etish parlamentning ishonchsizlik bildirishi tariqasida hukumatning iste‘foga chiqishini nazarda tutadi. Yoki ikkala masala bir vaqtda qo’yiladi. Masalan, Armaniston Konstitutsiyasining 74-moddasiga muvofiq, Hukumat yangi saylangan Milliy Majlis yoki o’zi shakllantirilgandan keyin yigirma kunlik muddatda Milliy Majlis yig’ilishida ishonch bildirish to’g’risidagi masalani qo’yib, o’z faoliyati dasturini ma‘qullash uchun Milliy Majlisga taqdim etadi. O’z navbatida, deputatlar umumiy sonining kamida uchdan bir qismi Hukumatga ishonchsizlik bildirish to’g’risida qaror loyihasini kiritishi mumkin. Agar bunday qaror loyihasi kiritilmagan yoki u qabul qilinmagan bo’lsa, Hukumatning dasturi ma‘qullangan hisoblanadi. Agarda ishonchsizlik bildirish to’g’risida qaror qabul qilingan bo’lsa, Bosh vazir Hukumatning iste‘fosi to’g’risida Respublika Prezidentiga ariza taqdim etadi. Ayrim chet mamlakatlarda, shuningdek RF tarkibidagi respublikalarda umuman hukumatgagina emas, balki hukumatning alohida a‘zosiga ishonch (ishonchsizlik) bildirish imkoniyati nazarda tutilgan. Masalan, Dog’iston Xalq Majlisi Respublika Hukumatiga va (yoki) Hukumat a‘zosiga ishonchsizlik bildirishi mumkin. Biroq RF Konstitutsiyasi bo’yicha Davlat Dumasida bunday imkoniyat yo’q. Parlament yoki parlament palatasi tomonidan hukumatga ishonchsizlik bildirish hamisha ham hukumatning iste‘foga chiqishiga, parlamentning, palataning tarqatib yuborilishiga olib kelavermaydi. Bir qator konstitutsiyalarda masala parlament foydasiga hal qilinadi: hukumatga ishonchsizlik bildirilgan taqdirda parlamentni tarqatib yuborish masalasi mavjud bo’lmaydi, hukumat iste‘foga chiqishi kerak bo’ladi yoxud prezident uni iste‘foga chiqarishi lozim. Masalan, Udmurtiya Davlat Kengashi tomonidan Respublika Hukumatiga ishonchsizlik bildirilishi uning to’liq tarkibi iste‘foga chiqishiga sabab bo’ladi. Tatariston Davlat Kengashi Vazirlar Mahkamasiga ishonchsizlik bildirishi ham shunday oqibatlarga olib keladi. Ba‘zi mamlakatlarda hukumat rahbariga ishonchsizlik bildirish hukumatning yangi boshlig’ini saylash va avvalgisini ishdan ozod qilish to’g’risida mamlakat prezidentiga murojaat qilish orqali amalga oshiriladi. Bu mamlakat muayyan vaqt hukumatsiz bo’lib qoladigan hukumat tangligining oldini olish imkonini beradi. Bunday tartib, masalan, Germaniyada qo’llaniladi va konstruktiv (amaliy) ishonchsizlik bildirish deb ataladi. 2) Saylov yoki vakolatli muassasada saylovchilar ko’pchiligi tomonidan ifodalangan yoki qabul qilingan fikr (qaror). ―Votum‖ tushunchasi ovoz berish natijasini ham anglatishi mumkin. Bunda ovoz berish natijasida biror organ saylangan yoxud saylanuvchilar yoki organning ko’pchiligi tomonidan qaror qabul qilingan bo’ladi. Masalan, ―konstitutsiya referendumda saylovchilar votumini oldi‖ degan jumlani umumxalq ovoz berishida (referendumda) ishtirok etgan saylovchilar ovozlarining ko’pchiligi mazkur konstitutsiyani yoqlab berilgan deb tushunmoq kerak.