PANTURKIZM

PANTURKIZM (pan… va turk) — turkiy elatlarni birlashtirish, turkiy lahjalarda so’zlovchi barcha elatlar yashaydigan yagona turkiy davlat tuzish g’oyasiga asoslangan ijtimoiy-siyosiy oqim. Turkiy xalqlarni birlashtirish g’oyasiga Rossiya va Angliya imperiyalari, Shuningdek, SSSR tomonidan berilgan rasmiy nom. Bu harakat ildizlari ancha chuqur bo’lsa ham, biroq u XIX asr oxirlari – XX asr boshlarida Usmonli turk sultonligi va chor Rossiyasining turkiy xalqlar yashaydigan hududlarida keng tapqalgan. Yosh turklar partiyasi «Ittihod va taraqqiy» bu qarashni o’z g’oyasi sifatida qabul qilgan. Keyinchalik Turkistondagi jadidchilik harakatining namoyandalari, Yosh buxoroliklar va Yosh xivaliklar ham uni o’z dasturiy qarashlari sifatida e‘tirof qilishgan. Turkistonda podsho Rossiyasining zulmiga qarshi ko’tarilgan xalq qo’zg’olonlari, turli norozilik chiqishlarini mustamlakachi ma‘murlar Panturkizm va panislomizm oqimlari ta‘sirida uyushtirilgan, deb da‘vo qilishgan. Birinchi jahon urushi davrida Usmonli turk sultonligining Germaniya tomonida turib urushga kirishi Rossiyaning rasmiy doiralarida bu harakatga qarshi kompaniya kuchayishiga olib kelgan. Chorizm ma‘murlari Turkiston va Kavkazdagi milliy ozodlik harakatlarining ishtirokchilariga Panturkizm tamg’asini bosishgan. Xususan, Rossiyada Oktabr to’ntarishidan so’ng sovet rejimi va kommunistik mafkura bu qarashni butunlay soxtalashtirgan. Rossiya kommunistlarining yetakchilari o’z nutqlarida turkiy xalqlarni birlashtirish g’oyasini «panturkizm» qabilida noto’g’ri talqin qilib, bolsheviklarni unga qarshi barcha vositalar bilan kurash olib borishga to’xtovsiz chaqirib turgan.