QO’SHILMASLIK HARAKATI
QO’SHILMASLIK HARAKATI — harbiy-siyosiy bloklar va guruhlarda qatnashmaslikni o’z tashqi siyosatining asosiy yo’li deb e‘lon qilgan mamlakatlarni birlashtiruvchi harakat. Ikkinchi jahon urushidan keyin paydo bo’lgan va hozirda 100 dan ortiq davlatni birlashtiradi. Ushbu harakatda mustamlakachilik asoratidan ozod bo’lgan davlatlarning ko’pchiligi ishtirok etadi. Qo’shilmaslik harakatida qatnashuvchi davlatlar 1961-yilda ―Qo’shilmaslikning besh tamoyili‖ni e‘lon qilganlar. Ular quyidagilardan iborat: turli tuzumdagi davlatlar bilan tinch-totuv yashash, qo’shilmaslik; xalqlarning mustamlakachilarga qarshi qaratilgan milliy ozodlik harakatini qo’llab-quvvatlash; buyuk davlatlar o’rtasidagi nizolarga taalluqli harbiy ittifoqlarda qatnashmaslik; harbiy kelishuvlarda qatnashmaslik; o’z hududida xorijiy harbiy bazalarni joylashtirmaslik. 1990-yillar boshigacha qo’shilmagan mamlakatlarning quyidagi konferensiyalari bo’lib o’tgan: Belgrad (Yugaslaviya, 1961-yil 25 davlat), Qohira (Misr, 1964-yil 47 davlat), Lusaka (Zambiya, 1970-yil 54 davlat), Jazoir (1973-yil 76 davlat), Kolombo (Shri Lanka, 1976-yil 86 davlat, shuningdek, 29 mamlakat, xalqaro tashkilot va milliy ozodlik harakatlari vakillari kuzatuvchi va mehmonlar sifatida ishtirok etgan), Gavana (Kuba, 1979-yil 95 davlat va milliy ozodlik harakatlari, shuningdek, 39 mamlakat, xalqaro tashkilotlar va milliy ozodlik harakatlari vakillari kuzatuvchi va mehmonlar sifatida ishtirok etgan), Dehli (Hindiston, 1983-yil 97 davlat va milliy ozodlik harakatlari, shuningdek, 41 mamlakat, xalqaro tashkilot va milliy ozodlik harakatlari vakillari kuzatuvchi va mehmonlar sifatida ishtirok etgan), Xarare (Zimbabve, 1986-yil 100 davlat va milliy ozodlik harakatlari), Belgrad (Yugaslaviya, 1989-yil 102 davlat), Jakarta (Indoneziya, 1992-yil 108 davlat). 1992-yil 1 sentabrda O’zbekiston Qo’shilmaslik harakatiga a‘zo bo’ldi.