SAYLOV

SAYLOV — demokratiyaning asosiy belgisi bo’lib, ovoz berish yordamida davlat hokimiyatining vakillik organlarini yoki mansabdor shaxsini, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlarini, jamoat birlashmalarini va boshqalarni bevosita xalqning xohishirodasiga asoslangan holda, ular tomonidan yoki boshqa organ tomonidan shakllantirish bilan bog’liq jarayondir. Saylov tushunchasi ko’proq davlat hokimiyatining vakillik organlari va fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlarini saylashga nisbatan qo’llaniladi. Saylov o’tkazish tartibi va qoidalari, odatda, har bir davlatning konstitutsiyasi va boshqalar konstitutsiyaviy huquqiy hujjatlarda belgilanadi. Saylov turli ko’rinishda bo’ladi. Unda aholi qatnashishi yoki ularning vakillarigina ishtirok etishi mumkin. Saylov ochiq yoki yashirin ovoz berish yo’li bilan o’tkaziladi. Qaysi organ saylanayotganligiga qarab parlamentga yoki prezidentlikka Saylov parlamentning umumiy yoki bir qismi uchun Saylov o’tkazilishiga qarab yalpi yoki qisman Saylov bo’lishi mumkin. Hududiga qarab umumdavlat yoki mahalliy; o’tkazilish vaqtiga qarab navbatdagi yoki muddatdan oldingi; bir partiyali, ko’p partiyali yoki partiyasiz; muqobillik asosida va nomuqobil (agar yagona nomzod ko’rsatilsa); to’g’ri yoki ko’p bosqichli; asosiy yoki qo’shimcha Saylov o’tkazilishi mumkin.