Barot Boyqobilov (1937-2006)
Boyqobilov Barot Tillayevich (1937.14.3, Urgut tumani Kenagas qishlog‘i — 2006) — O‘zbekiston xalq shoiri (1997). SamDU filologiya fakultetini tamomlagan (1962). O‘zbekiston davlat badiiy adabiyot nashriyoti (1962—63), yoshlar gazetasi (1963—68), bolalar adabiyoti nashriyoti (1968—74)da muharrir, bo‘lim mudiri, bosh muharrir o‘rinbosari, «Muloqot» jurnali bosh muharriri (1991 yildan) bo‘lib ishlagan.
Barot Boyqobilovning «Samarqand satrlari» (1962), «Visol» (1965), «Seni izlayman» (1968), «Samarqand ushshog‘i» (1969), «Afrosiyob» (1970), «Kim sokin yashaydi O‘zbekistonda» (1990) va boshqa she’riy to‘plamlari, bir nechta dostonlari nashr etilgan. Uning «Kun va tun» (1968) she’riy qissasida Boburning badiiy obrazi o‘zbek adabiyotida ilk bor namoyon bo‘ldi. Keyinchalik Barot Boyqobilov Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan «Shukuxli karvon» (1981), «Notinch Xuroson» (1985), «Sokin Xurson» (1992) va «Qonli Xuroson» (1992) dostonlarini, «Hayrat ul-Ahror» (1997) she’riy romanini e’lon qildi. So‘ng ular asosida besh dostondan iborat «Yangi xamsa»ni (1998) va «O‘zbeknoma» (1999) she’riy romanini yaratdi.
Barot Boyqobilov o‘zbek she’riyatida sonet janrining ravnaq topishiga katta hissa qo‘shdi. B. Petrarka, V. Shekspir, P. Neruda, R. Hamzatov sonetlarini, o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati (1994).