SIYOSIY ELITA NAZARIYALARI
SIYOSIY ELITA NAZARIYALARI — siyosiy elita guruhlari va ularning jamiyatdagi o’rni va rolini asoslab berishga doir ko’plab nazariyalar, konsepsiyalar ishlab chiqilgan. Bu nazariyalar quyidagilardan iborat: 1) Muhimiylik va zaruriylik nazariyasi (G.Moska, V.Pareto, V.Robka, N.Berdyaev va boshqalar). Bu nazariyada siyosiy elita jamiyatning muhim yetakchi kuchi sifatida ta‘riflanadi va u jamiyatdagi boshqa ijtimoiy guruhlarga qaraganda aholining eng mahsuldor va tashabbuskor qismlari ekanligi nazariy jihatdan asoslab beriladi. 2) Demokratik elita nazariyasida (R.Dall, M.Lipset, L.Zigler, K.Mangeym va boshqalar) siyosiy elita guruhi aholining mamlakatni boshqarishga qodir qismi bo’lib qolmay, shu bilan birga demokratiyani himoya qilishga qodir bo’lgan qismi ekanligi masalasi asoslab beriladi. 3) Liberal nazariya ham siyosiy elita nazariyalaridan biridir. Bu nazariyada (R. Mills, M. Milband va bosh.) siyosiy elitaning xilma-xil ko’rinishlari va turlari haqida fikr yuritilib, ularni o’zaro farqlashga harakat qilinadi. 4) Partokratik nazariya ham siyosiy elita nazariyalaridan biri. Bu nazariya bir vaqtlar sobiq sotsializm mamlakatlarida keng tarqalgan bo’lib, unda siyosiy rahbarlikning tarixan muqarrarligi isbot qilinadi. Bu nazariyaning asosiy qoida va xulosalari totalitar siyosiy tuzumlar hukmron bo’lgan sobiq sotsializm mamlakatlarida kommunistik partiyaning dasturlari va qarorlariga asos qilib olingandi.