XALIFALIK

XALIFALIK — VII-VIII asrlarda arab istilolari natijasida Arabiston yarim oroli, Yaqin va O’rta Sharq, Shimoliy Afrika, Ispaniya, Markaziy Osiyo va Kavkazortini o’z ichiga olgan davlat. Ibn Xaldunning yozishicha, ―johiliya arablari faqat diniy sifatdagi (payg’ambarlik, valiylik, kohinlik va h.k.) hokimiyatni tan olganlar. Shuning uchun ham hijratdan so’ng Madinada barpo bo’lgan va 630–632-yillarda butun Arabiston yarim orolini o’z ichiga olgan tuzum islom diniga asoslangan, teokratik davlat shaklini olgan. Bu davlatning boshlig’i – rasululloh – Allohning elchisi, ammo u abadiy emasligi payg’ambarning o’zi tomonidan qayta-qayta ta‘kidlab kelingan. Bu davlatni kelajakda boshqaradiganlar siyosiy usullardan foydalanishlari muqarrar edi, zero Muhammad (sav) – payg’ambarlarning oxirgisi. Xalifalik islom teokratik davlati tarixda bir marta tuzilgan va Muhammad payg’ambar shaxsi bilan bevosita bog’liq. Hozir nafaqat islom, balki boshqa har qanday dinga asoslangan teokratik davlat tuzish samarasiz va befoydadir, zero XX asrning yirik tarixchisi A.Toynbi ta‘biri bilan aytganda, cherkov zamin muammolarini zamin vositalari orqali hal qilishga qodir emas. Bizning ko’z o’ngimizda ―Tolibon islom dinini niqob qilib olib, teokratik davlat tuzishga urinib ko’rdi. Hozirgi paytda ―Hizb uttahrir alislomiy partiyasi xalifalik shaklidagi yagona musulmon davlatini tashkil etishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ygan. Ammo uning bu xatti-harakatlari batamom asossiz, g’ayriqonuniy va islom shariatiga ziddir. Qur‘oni karimda Xalifalikni barpo qilish bo’yicha buyruq berilmagan, qat‘iy dalil ham mavjud emas.