Chig’atoy ulusi
Chig’atoy ulusi-Chingizxon tomonidan Chig’atoy va uning avlodlariga meros qilib berilgan viloyatlarining umumiy nomi (1224 yildan boshlab). Hududi Movarounnahr, Yettisuv va Qashqardan iborat bo’lgan. Ko’chmanchi tarzda hayot kechiruvchi mo’g’ullar o’troq aholini boshqarish uchun tajribaga ega emas edilar. Shuning uchun Chig’atoy o’z ulusini boshqarishni xorazmlik Mahmud Yalaoch (122501238) va uning o’g’li Ma’sudbekka (1238-1289) topshirgan. O’zi esa ulusdan keladigan daromadlarning asosiy qismini olish bilan qanoatlangan. Chig’atoy vafot etgach (1242), Munke bilan Botuxon Chig’atoy ulusini mulk sifatida tugatishga qaror qilgan. 1251 yili imperiyada qurultoy chaqirilib Munke taxtga o’tirgach, Chig’atoy avlodlarining ko’pchiligi qatl qilingan. Chig’atoy ulusini esa Munke va Botuxon o’zaro bo’lishib olganlar. Movarounnahr Botuxon qo’liga o’tgach, XIII asrning 60-yillarida Chig’atoyning nabirasi Olgu chig’atoylar hokimiyatini tiklagan. Olg’u vorislari Muborak va Baroq mahalliy aholi bilan yaqinroq aloqada bo’lish uchin islom diniga kirganlar. Xon qarorgohi hamda ba’zi mo’g’ul urug’lari Yettisuvdan Movarounnahrga ko’chirib keltirilgan. Temuriylar davlati tashkil topishi bilan chig’atoylar hokimiyati tugagan.