Qurama

Qurama-o’zbek xalqi tarkibidagi etnik guruhlardan biri. Quramalarning ayrim guruhlari qozoq, qirg’iz va turkman xalqlarining tarkibiga ham kirgan. O’tmishda quramalarning ko’pchiligi o’zbek xalqi bilan alashib ketgan bo’lishiga qaramasdan, ularning salmoqli qismi XX asr boshlariga qadar moddiy madaniyati, turar joy va kiyimidagi ayrim xususiyatlari hamda ba’zi urf-odatlari bilan o’zbeklardan farq qilib, o’zlarini azaliy etnik nomlari – “Qurama” nomi bilan atab kelganlar. Quramalarning ajdodlari XV asr – XVI asrning birinchi yarmiga qadar Dashti Qipchoqda yashab kelganlar. Ularning katta bir qismi XVII-XVIII asrlar davomida O’rta Osiyoga ko’chib o’tgan. Dashti Qipchoqda qolgan qurama guruhlari qozoq xalqi tarkibiga kirib, ularga aralashib ketganlar. Quramalarning kichik bir qismi Chu daryosining yuqori oqimlariga ko’chib borib o’rnashib, asta-sekin qirg’iz xalqi bilan aralashib ketganlar. Qizilqum orqali siljib o’tgan quramalarning katta bir guruhi Amudaryo qirg’oqlarigacha borib, ko’pchiligi turkmanlar tarkibiga kirgan. O’zbek xalqi tarkibiga kirgan quramalarning asosiy qismi hozirgi Toshkent viloyatidagi Oqqo’rg’on, Bo’ka, G’alaba, Ohangaron va boshqa tumanlarda yashab, dehqonchilik va chorvachilik bilan shug’ullangan.