Geroldiya

Geroldiya (nemischa Heroldamt, lotincha heraldus)-gerblarni tuzish va izohlash bilan shug’ullanuvchi muassasa. O’rta asrlarda G’arbiy Yevropada geroldlar qirol va yirik zodagonlar saroyida jarchilik vazifasini o’taganlar, tantanalar va ritsarlar turnirlarini boshqarganlar, shuningdek, turli shajaralar tuzish bilan shug’ullanganlar. Lyudovik XIV 1696 yili ilk bor geroldmeyster lavozimini joriy etgan. Bunday lavozimga boshqa davlatlarda ham (masalan, Prussiyada Fridrix I davrida) asos solingan. Berlinda Yevropada birinchi geraldika kafedrasi ochilgan. Rossiyada Geroldiya 1722 yili dvoryanlar tabaqasi ishlari bilan shug’ullangan butun boshli davlat tizimi sifatida ish boshlagan. Uning vazifasi dvoryanlar ro’yxatlarini tuzish, dvoryanlarning davlat majburiyatlarini o’tashini kuzatib borish, gerblar tuzish va boshqalar edi. 1917 yilga qadar faoliyat yuritgan.