Diniy

Diniy-ritsarlik ordenlari-XII-XIII asrlarda salib yurishlari davrida katolik cherkovi rahnamoligida tashkil etilgan harbiy-monaxlik tashkilotlari. Sharqda salibchilarning mulklarini himoy qilish va kengaytirish, shuningdek, Yevropada hududlarni ishg’ol etishni maqsad qilgan. Eng yirik ordenlar: ionnitlar, tampliyerlar, tevton, alxantara, kalatravi va hokazolar. Diniy-ritsarlik ordenlari iyerarxik tuzilishga ega bo’lgan. Har bir ordenni umrbod saylangan va papa tomonidan tasdiqlangan buyuk magistr (grossmeyster) boshqargan. Ularga ordenning mahalliy bo’limlari rahbarlari-priorlar, marshallar (ordenning moliyaviy ishlarini yuritgan amaldorlar), komandirlar (qal’a, qasrlar komendantlari) va boshqalar bo’ysungan. In’om-ehsonlar, bosqinchiliklar, sudxo’rlik va savdo-sotiq faoliyati vositasida Diniy-ritsarlik ordenlari qo’lida katta boylik to’plangan, ulkan yer maydonlariga ega bo’lganlar. G’arbiy Yevropada markazlashgan davlatlarning yuzaga kelishi ordenlar ahamiyati yo’qolishiga sabab bo’lgan.