Zamindori
Zamindori-XVIII asr oxiri-XIX asrlarda ingliz mustamlakachilari tomonidan Shimoliy, Sharqiy va Markaziy Hindistonda joriy etilgan yer solig’i tizimi. Yer egalarining yuqori tabaqasi, zamindorlarning merosxo’rlik huquqlarini mustahkamlagan. Mustamlaka hokimiyati yerning oliy egasi hisoblangan. Doimiy Zamindori (mustamlaka hokimiyati foydasiga undiriladigan yer solig’i abadiy qilib belgilangan) va muvaqqat Zamindori (yer solig’i har 20-40 yilda qayta ko’rib chiqilgan) farqlangan. Hindiston va Sharqiy Pokiston (1971 yildan mustaqil Bangladesh Respublikasi)da XX asr 50-yillarda o’tkazilgan islohotlar natijasida yer rentasi berish huquqi davlat ixtiyoriga o’tdi, bu bilan yirik yer egalarining ijtimoiy-iqtisodiy mavqei pasaygan.