Inoq
Inoq (qadimgi turkiy runiy bitiklarida “ishonch” ma’nosida qayd etilgan)-1) Markaziy Osiyoda XI-XIV asrlarda hukm surgan sulolalar saltanatida “maslahatchi”, “vazir”ni anglatgan; 2) Buxoro xonligida hukmdorning ishonchli kishisi, mansabdor. XVII-XVIII asrlarda xonlikda ulug’ Inoq va kichik Inoq bo’lgan. Ulug’ Inoq darajasiga ko’ra ko’kaltosh va ulug’ qushbegi (qushbegii kalon)dan so’ng turgan. Ulug’ Inoq, asosan, hukmdor farmonlarini kichik mansabdagi amaldorlarga yetkazish va amir qabuliga muyassar bo’lganlarni kiritish bilan shug’ullangan. Kichik Inoq ham xonning ishonchli kishisi bo’lib, ba’zan saroydan otga mingan holda chiqish huquqiga ega edi. O’z lavozimiga ko’ra ulug’ mehtar, devoni sarkor va dasturxonchidn yuqori turgan. Kichik Inoqqa hukmdorning muhrlari solingan qutichani ehtiyot qilish topshirilgan. Kichik Inoq, shuningdek, amir nomiga tushgan ariza va shikoyatlarni qabul qilgan; elchilarni qabul qilish paytida ular keltirgan xatlarni ochib, amirning shaxsiy kotibi (munshiy)ga taqdim etgan; 3) Xiva xonligidagi yuqori ma’muriy mansab; xondan keyingi 2-martaba sanalgan va bu lavozimga xonning birodarlaridan biri tayinlangan. Inoqlarning siyosiy mavqei nihoyatda baland bo’lib, XVIII asr oxirida hatto xonlikni ham idora qilganlar. Inoq huzurida qushbegi, mehtar (moliya ishlari boshlig’i) va otaliq (qo’shinlar qo’mondoni)dan iborat kengash bo’lgan hamda amaliy tadbirlar ishlab chiqishga yordamlashgan.