“Xatti Boburiy”
“Xatti Boburiy” (“Bobur xati”) — Zahiriddin Muhammad Boburning risolasi va shu risolada ilgari surilgan xat turi. “Xatti Boburiy” Arab alifbosi asosida tuzilgan bo’lsada, bu alifbodan ba’zi jihatlari bilan ajralib turadi. Ammo bu ham Arab alifbosi singari 29 harfdan iborat. Risolada Bobur Arab alifbosini tahrir qilib, yozuvni soddalashtirish va osonlashtirish yo’lidan boradi va shu maqsadda uni turkiy tilning talaffuz me’yorlariga moslashtirishga harakat qiladi. U Hindistonda ekanligida bu xat bilan kitobat qilingan o’zining bir qancha she’rlarini Movarounnaxr va Afg’onistonga Humoyun Mirzo, Xoja Kalon va Hindol Mirzoga jo’natgan edi. “Xatti Boburiy” bilan muqaddas Qur’oni Karim ham ko’chirilgan va u “Mushafi Boburiy” deb atalgan. Bu noyob qo’lyozma Mashhad shahri (Eron)dagi Imom Rizo yodgorlik majmuasi kutubxonasida, kseronusxasi Andijon shahridagi “Bobur va jahon madaniyati” kitob muzeyida saqlanadi.